O’zbekistonda Qo’riqxonalar kuni nishonlandi
11.01.2012
11 yanvarda Toshkentda Qo’riqxonalar va milliy parklar kuniga bag’ishlab “O’zbekiston: qo’riqlanadigan tabiiy hududlar tizimi” davra suhbati bo’lib o’tdi. Uchrashuvni Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi hamda Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining o’rmon xo’jaligi bosh boshqarmasi tashkil etdi. Tarkibiga sakkizta davlat qo’riqxonasi, bitta davlat biosfera rezervati, ikkita milliy tabiiy park, to’qqizta davlat buyurtma qo’riqxonasi va bitta hayvonlarning nodir turlarini ko’paytirish bo’yicha respublika markazi — “Jayron” ekomarkazi kiradigan qo’riqlanadigan hududlar tarmog’i O’zbekistonning biologik xilma—xilligini saqlashda g’oyatda muhim rol’ o’ynaydi.
Respublikadagi birinchi Quyi Amydaryo davlat biosfera rezervati 2011 yil 26 avgustda umumiy maydoni 68 ming 717 gektar bo’lgan “Badayto’qay” davlat qo’riqxonasi negizida tashkil etildi. Biorezervat qo’riqxona va buyurtma qo’riqxona funksiyasini bajarib, biologik xilma—xillik va biologik zaxiralar saqlanishini mazkur hududda fuqarolar va xo’jalik yurituvchi sub’yeklarning barqaror, tabiatni buzmaydigan foydalanishi bilan biriktiradi.
“Doimiy ravishda kuchayib borayotgan antropogen yuklamaning, shuningdek tuproq degradatsiyasining oqibatida hayvonot va o’simliklar dunyosi noyob vakillarining borgan sari ko’p soni yo’qolib borayotgan turlar maqomini olayotganligini taassuf bilan qayd etmoq lozim. Chunonchi, agar O’zbekiston “Qizil kitobi”ning ikkinchi nashrida ana shunday o’simliklarning 168 nomi keltirilgan bo’lsa, uchinchi nashrda ular 400 ga yetib qoldi, — deb ta’kidladi o’rmon xo’jaligi bosh boshqarmasining vakili Hojimurod Tolipov. — Ma’lumki, Markaziy Osiyo noyob o’simliklarning ko’p turlari kelib chiqqan joy hisoblanadi, ular orasida seleksiya yo’li bilan chiqarilgan hozirgi ko’pgina mevali ekinliklarning yovvoiy turlari bor, masalan, O’zbekiston tog’ oldi hududlarida anjir, anor, yong’oq, pista kabi ekinlarning yovvoiy turlari o’sadi. Mazkur turlarni saqlab qolish bundan keyingi seleksiya ishi uchun juda muhimdir”.
Qo’riqlanadigan tabiiy hududlar ilmiy tadqiqotlar va kuzatishlar uchun tabiiy baza bo’lib ham xizmat qiladi. Milliy qo’riqxona hududlari xodimlari ilmiy tadqiqotlarining katta qismi “O’zbekiston qo’riqxonalari asarlari” umumiy monografiyasida chop etilgan, uning birinchi soni 1996 yilda bosilgan edi. 15 yil ichida ushbu davriy to’plamda 150dan ziyod noyob ilmiy materiallar chop etilib, ularning katta qismi zoologiyaga oid va 20 ga yaqini esa botanika sohasiga bag’ishlangan.
“O’zbekistonda qo’riqlanadigan hududlarning anchagina keng tarmog’i mavjud bo’lib, bir talay ekotizimlarni qamragan. Biroq ana shu qamrab olingan hududlar baribir mamlakatning ekologik xavfsizligini uzoq muddatli ta’minlash uchun yetarli emas, — deb ta’kidladi interv’yuda PROON—GEFning “Qo’riqxonalarda markazlashtirish y’oli bilan qo’riqlanadigan tabiiy hududlar milliy tizimining barqarorligini mustahkamlash” loyihasining milliy texnik muvofiqlashtiruvchisi Sergey Zagrebin. — Mamlakatning tabiatini muhofaza qilish faoliyatida eng muhim ustuvorlik mintaqada biologik xilma—xillikni saqlashdir. Xalqaro tajribaning ko’rsatishicha, mamlakat o’zini ekologik xavfsizlikda deb his etishi uchun uning hududi 10% i qo’riqlanadigan hududlar bilan qamrab olinishi kerak. Bunda mamlakat hududida joylashgan barcha eng muhim ekotizimlar qamralishi kerak. Bugungi kunda respublikaning qo’riqlanayotgan hududlarida cho’l va tog’ oldi ekotizimlari yetarlicha taqdim etilmagan. Loyihamizning vazifalaridan biri qo’riqlanayotgan hududlarni kengaytirish dasturini yaratishdir. Ilmiy tadqiqotlar asosida hozirdayoq bunday hududlarni kengaytirish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqildi”.
2004 yil dekabrda qabul qilingan “Muhofaza etiladigan tabiiy hudular to’g’risida”gi Qonun O’zbekistonda qo’riqlanadigan tabiiy hududlar bo’yicha asosiy me’yoriy—huquqiy hujjat hisoblanadi. Mazkur qonun “Biologik xilma—xillik to’g’risida”, “Yovvoyi hayvonlarning ko’chib yuradigan turlarini qo’riqlash to’g’risida”, “Xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan suvli—botqoq yerlar to’g’risida” va bir qator boshqa konvensiyalar bo’yicha O’zbekistonning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish uchun ham xizmat qiladi.
Qo’riqxonalar va milliy parklar kuni har yili 11 yanvarda nishonlanadi. Ana shu kuni 1917 yilda dastlabki qo’riqxona barpo etilgan edi. U Rossiya hududidagi Barguzin qo’riqxonasi bo’lib, qo’riqxonalar tarixi umuman undan boshlanadi. Ushbu kun 1997 yilda xalqaro bayram maqomini olgan.
www.gazeta.uz
|