AQShda O’zbekiston turistik salohiyatining taqdimoti bo’lib o’tdi
27.12.2011
Amerika turistik tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, akademik va ishbilarmon doiralarning 100 dan ziyod vakili O’zbekistonning noyob turistik imkoniyatlari bilan tanishdi.
Turizmni rivojlantirish holati, mamlakatda taqdim etilgan turizm turlari, respublikaning tarixiy—madaniy diqqatga sazovor joylari to’g’risida qiziqtiruvchi axborot mul’timediya taqdimoti davomida taqdim etildi. Mustaqillikning 20 yili ichida respublikani ijtimoiy—iqtisodiy rivojlantirishda erishilgan yutuqlarga alohida e’tibor berildi.
“Silk Road Dance Company” xoreografik ansamblining chiqishi mehmonlarda qiziqish uyg’otdi. O’zbekiston madaniyatining betakror milliy koloriti va xususiyatlarini aks ettirgan mumtoz o’zbek raqslari hech kimni loqayd qoldirmadi. Shu bilan birga tadbir ishtirokchilari tashkil etilgan vernisajda taqdim etilgan o’zbek amaliy san’at ustalarining ishlari bilan tanishdilar.
“The Away Network” turistik kompaniyasi bosh menejeri E. Brodnaksning aytishicha, O’zbekiston turizmni yanada rivojlantirish va ko’pdan—ko’p amerikalik turistlarni jalb etish uchun jiddiy imkoniyatlarga ega.
Merilend universiteti professori M.Bobrovski O’zbekiston jahon ilm—fanini rivojlantirishga juda katta hissa qo’shgan dongdor mutafakkirlar mamlakati ekanligini ta’kidladi. Professor uchun Mirzo Ulug’bekning faoliyati alohida qiziqishga ega; shu munosabat bilan u mashhur shaxs to’g’risida amerikalik talabalarga ma’ruzalar o’qishni rejalashtiryapti. M.Bobrovski Ulug’bek rasadxonasi va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishish xohishini bildirdi.
“Microsoft” kompaniyasi menejeri D. Balafutis, uning so’zlariga ko’ra, jahon sivilizatsiyasining mulki bo’lgan madaniy—tarixiy obidalarning respublikada saqlab qolinishi va tiklanishda O’zbekiston hukumatining hissasini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, tarix masalalariga alohida e’tibor berilishi, an’analarni saqlab qolish bo’yicha ko’rilayotgan choralar O’zbekiston xalqi ma’naviyati yuqori darajada ekanligini ko’rsatadi.
Tadbir ishtirokchilari respublikada turizmning imkoniyatlari amerikaliklar uchun qiziqish uyg’otadi degan yakdil fikrga keldilar. Ularning aytishlaricha, O’zbekistonning noyob tarixiy—me’moriy inshootlari, boy tarixi, madaniy merosi va o’ziga xos an’analari so’nmas taassurot qoldiradi. O’zbekiston to’g’risidagi hikoyalar qiziqtirib qolgan ko’pchilik mehmonlar respublikaga turistik maqsadlarda kelish niyatlari borligini izhor qildilar.
|