O’zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari
30.12.2011
2011 yil 9 dekabrda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev raisligida turizm sohasini yanada rivojlantirish va turistik xizmatlar eksportini ko’paytirish masalalariga bag’ishlangan kengash bo’lib o’tdi, unda vazirliklar, idoralar, xo’jalik birlashmalari va hokimliklarning rahbarlari qatnashdilar.
Kengashning 27.12.2011 yildagi №01-14/1-299—son bayonnomasiga ko’ra yaqin istiqbolda 2011—2012 yillar davrida turizm sohasini rivojlantirish va mintaqalar turistik xizmatlarining eksport salohiyatini ko’paytirish bo’yicha tasdiqlangan aniq tadbirlar dasturlarini bajarish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek mamlakatning turistik salohiyatini xorijiy turistik bozorlarga olib chiqish uchun turizmni rivojlantirishning o’rta muddatli va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish bo’yicha qator tadbirlarni amalga oshirish mo’ljallangan.
Xususan, turistik bazalar, dam olish zonalari, pansionatlar, sanatoriy—kurort, davolash—sog’lomlashtirsh, sport sog’lomlashtirish, rekreatsiya va ekoturistik tashkilotlar hamda muassasalarning yagona reyestrini yaratish rejalashtirilgan. Mahalliy turistlarni mamlakat bo’ylab sayohatlarga jalb etish uchun 2012—2013 yillarda ichki turizmni rivojlantirish bo’yicha mintaqaviy dasturlar tayyorlash to’g’risida qaror qabul qilindi, ularni amalga oshirish dam oluvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga va o’zbekistonliklarning respublika turistik ob’yektlariga qiziqishini oshirishga imkon beradi. Shu bilan birga 2012—2016 yillar davrida O’zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo’yicha choralar kompleksini tayyorlash ustida ish olib borilyapti.
Bayonnomada yo’lardagi turistik ko’rsatkichlar namunalarini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan, ular respublikaning aeroportlari, temir yo’l vokzallari, turistik shaharlarda va avtomagistrallarida o’rnatiladi.
Turizm sohasidagi kadrlar malakasini oshirish bobida turistlarga xizmat ko’rsatish bilan shug’ullanadigan tashkilotlar uchun “Mehmonparvarlik va servis darslari” mavzusida seminarlar o’tkazish mo’ljallangan. Ushbu dolzarb vazifa “O’zbekturizm” MKning Respublika ilmiy—o’quv konsalting markazi zimmasiga yuklangan, u o’z zimmasiga o’quv tadbirlarini tashkil etish va o’tkazish funksiyalarini ham oladi.
O’zbekistonning xorijdagi turistik imkoniyatlarini namoyish etadigan tadbirlarni tashkil etish ishi davom etyapti. Shuni ta’kidlash lozimki, tugayotgan yilda O’zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari tomonidan respublikaning turistik salohiyati taqdimoti bo’yicha jami 400 dan ortiq tadbir o’tkazildi, bu esa O’zbekistonga qo’shimcha turistik oqimlarini jalb etishga imkon berdi.
Bayonnomada O’zbekiston Respublikasi turizm sohasini yanada rivojlantirishga yo’nalaltirilgan butun bir qator boshqa tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
|