Turistlarning qulay va xavfsiz sharoitlarga ega bo’lishlari uchun yana bir shart
08.12.2011
Temir yo’llarda tashishlar xavfsizligini ta’minlashga yo’naltirilgan me’yoriy–huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.
Temir yo’llarda tashish doimiy liniyalarda va maxsus tashkil etilgan turistik–ekskursiya poyezdlarida turistlarning sayohatlarini tashkil etishda muhim rol’ o’ynaydi. Shu munosabat bilan turistlar va sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash turistik biznes barcha sub’yektlarining ustuvor vazifasi hisoblanadi.
Yo’lovchilarning hayoti va sog’lig’ini muhofaza qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Temir yo’l vokzallari (bekatlari)da yo’lovchilar va boshqa shaxslar, qo’l yuki, bagajlarni ko’zdan kechirish tartibi to’g’risida nizom” hamda “Temir yo’l vokzallari (bekatlari)da yo’lovchilar va boshqa shaxslarning bo’lishi qoidalari” tasdiqlandi.
“Temir yo’l vokzallari (bekatlari)da yo’lovchilar va boshqa shaxslar, qo’l yuki, bagajlarni ko’zdan kechirish tartibi to’g’risida”gi nizomda ko’zdan kechirishning umumiy qoidalari, ko’zdan kechirishga vakolat berilgan shaxslarning huquqi va burchlari, ko’zdan kechirish tartibi, shaxsan ko’zdan kechirishni amalga oshirish hollari, shuningdek yo’lovchi poyezdlarda tashishi taqiqlangan va cheklangan xavfli moddalar hamda narsalarning ro’yxati qayd etilgan.
Mazkur Nizomga ko’ra ko’zdan kechirish tartib–qoidalari bajarilganidan keyin yo’l hujjati (chipta), qo’l yuki, bagajga ko’zdan kechirishdan o’tganligi to’g’risida belgi qo’yiladi. Bagaj va qo’l yukidagi lenta ko’rinishida maxsus yopishtirilgan tasma, yo’l hujjatidagi shtampsiz yo’lovchilar vagonga qo’yilmaydi.
Shu bilan birga yo’lovchilar va boshqa shaxslarning bekatlarda bo’lishi tartibi belgilangan “Temir yo’l vokzallari (bekatlari)da yo’lovchilar va boshqa shaxslarning bo’lishi qoidalari”, temir yo’llardan o’tish, vagonga o’tirish va undan tushish paytida yo’lovchilarning harakat qilish tartibi, shuningdek temir yo’l vokzallarining vazifa va funksiyalari belgilandi.
|