O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6002-sonli Farmoniga muvofiq, Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tomonidan belgilangan mezonlar asosida turoperatorlar va joylashtirish vositalari xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslarga maqsadli foizsiz ssudalar ajratilishi tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, turoperatorlar va joylashtirish vositalari o‘z xodimlarini ish haqini to‘lash orqali saqlab turish uchun ularga 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar ajratiladi.
Ssudalar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
turoperatorlarga – 2019 yildagi o‘rtacha oylik ish haqi fondining uch baravaridan oshmaydigan miqdorda;
joylashtirish vositalariga – har bir yotoq o‘rni uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida.
Bunda:
- ssuda 12 oy muddatga ajratiladi va faqat tashkilotning bevosita shtatlar jadvaliga kiritilgan xodimlari ish haqlarini to‘lash uchun yo‘naltiriladi.
- tashkilot ssudani olish vaqtiga kelib bir yildan kam bo‘lmagan muddatda faoliyat yuritgan bo‘lishi kerak.
- tashkilot ariza topshirish chog‘ida ssudani olgandan keyin kamida 1 yil davomida faoliyat yuritish majburiyatini kafolatlaydi.
Ssuda olish uchun ariza ilovadagi namuna asosida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga topshiriladi.
Arizalarni qabul qilish 2020 yilning 15 dekabriga qadar, ularni ko‘rib chiqish 2020 yilning 25 dekabriga qadar amalga oshiriladi.
Arizaga ilova qilinishi kerak bo‘lgan xujjatlar ro‘yxatini havola orqali yuqlab olishingiz mumkin. Maʼlumotlar namunaviy shakllar bo‘yicha taqdim etiladi (1-shakl va 2-shakl).
Arizalarni ko‘rib chiqish tartibi bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Qo‘mitaning moliya-iqtisodiyot boshqarmasining telefon raqami: 71 2452886
Shu kunga qadar ajratilgan ssudalar to'g'risida ma'lumot.