O‘zbekistondagi xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) Toshkent xalqaro klinikasi bilan hamkorlikda "Chin qalbdan" xayriya tadbirini boshlab berdi, uning asosiy vazifasi pandemiya bilan bog‘liq ushbu murakkab davrda mamlakat sayyohlik sanoati vakillarini qo‘llab-quvvatlashga karatilgan. "Chin qalbdan" aksiyasi doirasida, mamlakatimiz bo‘ylab foydali xayriya tadbirlari keng tashkil etilmoqda. Samarqand shahri esa navbatdagi manzil bo‘ldi.
Shu haftada "Chin qalbdan" aksiyasi doirasida Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Samarqand viloyati departamenti vakillari navbatdagi xayriya tadbirini amalga oshirib, bunda Samarqanddagi 10 mehmonxona vakillariga shaxsiy himoya vositalari va antiseptik vositalari topshirildi.
Aksiya doirasida Arba Hotel, Hotel Registon, Hotel Asia Samarqand, Grand Samarqand Superior, Grand Hotel Sogdiana, Regal Palace Samarqand, Ideal Hotel, Zilol-Baxt Hotel, Shark Hotel va Hotel Barakat zarur himoya vositalari bilan taʼminlandi.
Taʼkidlash joizki, bundan avval XSTU tomonidan Toshkent shahridagi mehmonxonalarga ko‘mak ko‘rsatilgan. Uyushma bu kabi aksiyalarni boshqa hududlarda davom ettirishni rejalashtirgan.