
Turizm sohasini jadal surʼatlarda tiklash va mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so‘ng uni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2020 yil 19 iyun kuni “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4755-sonli qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar taqdim etildi. Xususan:
1. 2021 yilning 1 yanvaridan 2023 yilning 31 dekabriga qadar mehmonxonaga belgilangan tartibda berilgan toifa saqlangan taqdirda, tegishli yil yakuniga ko‘ra, joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yig‘im summasining 50 foizi qaytariladi.
2. Investorlarning yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini (dastlabki 50 loyiha) tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi ularni 2023 yil 31 dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga 500 metrdan kam bo‘lmaslik sharti bilan har bir 500 metr yo‘l uchun 1 milliard so‘m miqdorida qoplanadi.
3. Turistik zonalar va qishloq joylari hududida Qo‘mita va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari bo‘yicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (o‘tovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlik subyektlari xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga yoki 2023 yilning 31 dekabriga qadar har bir joy uchun 5 mln. so‘mgacha miqdorda qoplanadi.
4. Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarning xizmatlari o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
5. 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.
6. Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ro‘yxatga olingan turoperatorlar, istisno tariqasida, ushbu hududlarda xizmat ko‘rsatish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan transport vositalarini import qilayotganda bojxona bojining amaldagi stavkasidan 50 foizi miqdorida, qolgan qismini olib kirilgan sanadan boshlab 3 yil davomida to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
Pandemiya sharoitida mahalliy va xorijiy turistlarga sayohatlari davomida sanitar-gigiyenik xavfsizlikni taʼminlash, xorijiy turstlar oqimini oshirish hamda respublikaning pandemiyadan xavfsiz ekanligini targ‘ib qilish maqsadida sayyohlar uchun “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN”) sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimini joriy etish topshirildi. Unga ko‘ra:
1. Xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi majburiy tartibda joriy etiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan turoperatorlar tomonidan xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatish karantin davrida faqat “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimining xavfsiz obyektlari Reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma obyektlarida tashkil qilinadi.
3. Xavfsiz turizm jamg‘armasi tashkil etiladi.
4. Xavfsiz turizm jamg‘armasi mablag‘laridan turoperator tomonidan “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi talablariga rioya qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan sayohat davomida xorijiy turistlar koronavirus (COVID-19) infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga 3 ming AQSH dollari miqdorida kompensatsiya to‘lovlarini to‘lab beriladi.
5. 2020 yil 31 dekabrga qadar “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimining Xavfsiz obyektlar reyestriga kiritilgan, turizm va yondosh infratuzilma obyektlarining bino va inshootlarida sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkilotlari tomonidan dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya hamda yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining oldini olish va darajasini pasaytirishga qaratilgan epidemiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan xo‘jalik subyektlarining xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
6. “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimida belgilangan shart va talablarning buzilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslari javobgarlikka tortiladi.
Shuningdek, qaror bilan O‘zbekiston Prezidenti mamlakatga sayyohlar tashrifi uchun sharoitlar yaratish, turistik va yondosh infratuzilmani rivojlantirish maqsadida bir qator imkoniyatlarni yaratdi. Jumladan:
1. 2020 yil 1 avgustdan boshlab reyslar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish, xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi” “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi.
2. Xorijiy aviakompaniyalar ularning tegishli hujjatlarini tekshirish natijalariga ko‘ra, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) uchish xavfsizligi va aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha standartlariga muvofiq bo‘lishi sharti bilan havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qatʼi nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
3. “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlariga qatnovlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarga stavka va yig‘imlar uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan aviakompaniyalar uchun belgilangan miqdorda qo‘llaniladi.
4. “Andijon” xalqaro aeroportiga “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomi berilib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mamlakatning boshqa aeroportlariga eng yaxshi nomlarni aniqlash bo‘yicha ommaviy tanlovni eʼlon qilish topshirildi.
5. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda To‘dako‘l ko‘l hududida turistik infratuzilma majmuasini yaratish va rivojlantirish uchun yangi “Orom qirg‘og‘i” (“Leisure Coast”) turistik zonasida suvda dam olish turlari va plyaj turizmini rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, doimiy avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish hamda tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda turizm va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirish topshirildi.
6. Mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda Zomin tumanida umummavsumiy, qishki va yozgi dam olish maskanlarini tashkil etish choralari ko‘riladi.
7. Madaniy meros obyektlari hududlarida belgilanmagan joylarda chiqindi tashlaganlik uchun jarimalarni oshirish, elektr taʼminotiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish, chiqindini utilizatsiya qilish, suv resurslaridan unumli foydalanishni nazarda tutuvchi “Clean&Eco” loyihalarini amalga oshiriladi.
8. Xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni tizimlashtirish va turlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi “Uzbekistan – hope and healing land” (“O‘zbekiston – umidli va shifobaxsh zamin”) tibbiy turizm dasturi ishlab chiqiladi.
9. 2021 yil 1 yanvardan boshlab “G‘ishtko‘prik” (Toshkent viloyati) va “Hayraton” (Surxondaryo viloyati) xalqaro nazorat-o‘tkazish punktlarida mavjud infratuzilma doirasida chegaradan tezkor o‘tish mexanizmlari – “Fast track” xizmati joriy qilinadi. Bunda:
avtotransport vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslarning navbatdan tashqari pasport va bojxona nazorati jarayonlarini tezlashtirgan tartibda amalga oshirish uchun alohida yo‘lak;
jismoniy shaxslarning dam olishi va hordiq chiqarishi uchun shart-sharoitlar, shu jumladan onalar va bolalar xonalari, ovqatlanish shahobchalari hamda tijorat banklari filiallarini tashkil qilish va valyuta ayirboshlash uchun bankomatlar o‘rnatgan holda “VIP” zallar;
“Fast track” xizmati pullik asosda, shu jumladan, chegarani kesib o‘tishdan oldin 90 kun mobaynida oldindan to‘lov qilish yoki mobil ilovalar orqali to‘lash imkoniyatini yaratgan holda amalga oshiriladi.
10. Xorijiy mamkalatlarning ijobiy tajribasi asosida turistik zonalariga avtotransport vositalari (jamoat va maxsus transportlar, shuningdek, turistik zonalar hududida yashovchi aholining avtotransport vositalaridan tashqari) bilan kirish uchun yig‘im undirish mexanizmini joriy qilinadi.