
Farg‘ona viloyati Quva tumani hududidagi Karkidon suv ombori hududida turizm maqsadlarida investitsiya kiritish sharti bilan 5 gektar yer maydoni 12 lotga bo‘linib savdoga chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi “Ekoturizmni rivojlantirish va suv omborlarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida yer uchastkalari ajratish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 978-sonli qaroriga muvofiq viloyat hokimligi tomonidan ushbu hududda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Mazkur hududda mehmonxona, motel, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar obyektlar, restoran, suv sport obyektlari, plyaj zonasi va pirs qurilishi ko‘zda tutilgan. Majumaning umumiy qiymati 27,8 mlrd so‘mni tashkil etib, unda 100 nafarga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.
Ayni damda ushbu hududni turizmga oid ishlab chiqilgan loyihalar asosida lotlarga bo‘lib, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali investorlarga realizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Auksionga qo‘yilgan lotlar bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://e-auksion.uz/lots?5.
Savdo 29 iyul kuniga qadar davomi etadi.
Shu bilan birgalikda, tashkil etilayotgan ekoturizm zonasiga olib boruvchi 6 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li 1980 yildan buyon taʼmirlanmaganini hisobga olib, yo‘l-inshootini rekonstruksiya qilish va qirg‘oq infratuzilmasiga ichimlik suvi yetkazib berish uchun 2 ta tik quduq qazish va tarmoq yotqizish ishlari Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2021 yillardagi davlat rivojlantirish dasturi”ga kiritilishi bo‘yicha taklif Investitsiya va tashqi savdo vazirlgiga kiritildi.
Obyekt hududi “Toshkent-O‘sh A-373” Farg‘ona-Andijon avtomagistrali 4R-112 yo‘lining Quva tuman markaziga 12,7 km masofasida va Farg‘ona shahridan 34,1 km masofada joylashgan. Eng yaqin infratuzilma: elektr tarmog‘i – 3 km, yaqin 6 km hududdan markaziy tabiiy gaz tarmog‘i va aloqa tarmog‘i o‘tgan.
Mazkur suv ombori inshooti qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida 1967 yili qurib bitkazilgan bo‘lib, suv Isfayram daryosi va Janubiy Farg‘ona kanalidan kelib quyiladi. Uning to‘liq hajmi
216,0 mln.metr kubni tashkil etadi. Suv yuzasi oynasining maydoni 9,5 ming metr kvadratni tashkil etadi. Suv yuzasining uzunligi 5 kilometr, eni esa 5,5 kilometrdan iborat. Suv omborining maksimal chuqurligi 70 metrga teng.
Maʼlumot uchun telefonlar: 91-325-91-42, 90-630-36-00.