
28 iyul kuni O‘zbekiston hukumatining YUNESKO va Yevroittifoq bilan hamkorlikdagi yangi “O‘zbekistonning qishloq hududlarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” dasturining yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO masalalari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov, YUNESKOning taʼlim masalalari bo‘yicha Bosh direktor o‘rinbosari Stefaniya Jannini, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stiprays, shuningdek vazirliklar, idoralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
“Yangi loyihaning ishga tushirilishi yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan kasb-hunar sohasidagi taʼlimni yana-da mustahkamlash, O‘zbekistonning qishloq joylarida malaka va bandlik salohiyatini oshirishga qaratilgan dadil qadamlarga mos keladi. Bu loyiha Hukumatimizning asosan kornavirus pandemiyasidan zarar ko‘rgan, ish o‘rinlari va daromadlarini yo‘qotgan qishloq aholisini rag‘batlantirishga doir saʼy-harakatlariga hissa qo‘shish nuqtai nazaridan ham juda dolzarbdir. Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda yosh avlodni tarbiyalash va ularning kelajakdagi qiyinchiliklarga bardosh bera olish ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi”, - dedi Aziz Abduhakimov o‘z nutqida.
Maʼlum qilinishicha, yangi loyihaning maqsadi qishloq xo‘jaligi hamda irrigatsiya sohalarida texnik va professional taʼlimni takomillashtirish, respublikamizning qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmasini rivojlantirishga ko‘maklashishdan iboratdir.
Kollejlarda taʼlim berish va tayyorlash jarayonlarini modernizatsiyalash, kollejlarni boshqarish, qishloq xo‘jaligida ko‘nikmalarni rivojlantirishning yangi usullarini tatbiq etish, qishloq joylarda taʼlimning raqamli va onlayn-oflayn usullarini joriy qilish, qishloq xo‘jaligini yuritishning xalqaro va milliy innovatsiyalarga asoslangan yangi usullarini tatbiq qilish yangi dasturning muhim komponenti bo‘lib qolmoqda. Mazkur dastur qishloq hududlardagi ishchilarni yangi zarur ko‘nikmalar bilan taʼminlaydi: yuqori texnologik qishloq xo‘jaligi, takomillashgan mexanizatsiya, masofaviy zondlash, GIS/GPS uchuvchisiz uchar qurilmalaridan foydalanish, robototexnika, biotexnologiya, yirik maʼlumotlar va sunʼiy intellekt tahlilini qo‘llash kabilar shular jumlasidandir.
Yangi loyiha qishloq xo‘jaligida ko‘nikmalarni rivojlantirish tizimining sifati, dolzarbligi, natija va samaradorligi oshishi yo‘lida xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyiha qishloq xo‘jaligi sektorlarida yangi tashabbus va yondashuvlarni ishlab chiqish, sinab ko‘rish va yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.
Hukumatimiz tomonidan YUNESKO va Yevropa Ittifoqi hamkorligida yo‘lga qo‘yilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” dasturining 4 yilga mo‘ljallangan loyihasi umumiy summasi 9,6 million yevroni tashkil qiladi.
Aziz Abduhakimov bu kabi islohotlarning bosh maqsadi hatto eng olis hududlar va qishloq joylarda ham mahalliy aholi turmush sifati va farovonligini oshirishdan iborat ekanini taʼkidlab, O‘zbekiston hukumati bu yo‘lda xalqaro hamkorlar bilan yaqindan ishlashga doimo tayyor ekanini maʼlum qildi.
Maʼlumot uchun: 2018-2019 yillarda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida qishloq aholisi turmush sharoitlarini yaxshilash, 895 qishloq infratuzilmasini modernizatsiyalash va obodonlashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Aholining 2020-2022 yillardagi demografik o‘zgarishlari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda, “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha O‘zbekistondagi 800 qishloq taʼmirlandi va obodonlashtirildi.
O‘zbekiston hukumati qishloqlar infratuzilmasini modernizatsiyalash bilan bir qatorda mamlakatimizdagi har bir qishloq, har bir hududning iqtisodiy salohiyatini maksimal namoyon qilishga alohida eʼtibor qaratmoqda. “Turizm qishlog‘i”, “Turistik mahalla” kabi ko‘plab loyihalarning yo‘lga qo‘yilishi o‘sha hududning iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarning jalb qilinishi esa bu yo‘nalishdagi tashabbuslarning muvaffaqiyatida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.