
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Oybek Qosimov, Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov, shahar Turizm departamenti direktori Sanjar Tadjiyev bilan birgalikda poytaxtning Yunusobod tumanidagi piyoda va veloyo‘laklarni ko‘zdan kechirdi.
“Daraqiqat, bugunga kelib poytaxtimizda mahalliy aholining piyoda yo velosipedda harakatlanishi uchun qator loyihalar amalga oshirilgan, endi bularning targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishimiz va odamlarimizni ommaviy sportga jalb etishimiz kerak. Yunusobod tumanidagi velo- va piyoda yo‘laklarini to‘liq o‘rganish doirasida yo‘laklarda qanday kamchiliklar borligini aniqlab, mavjud noqulayliklarni bartaraf etishga doir tegishli chora-tadbirlarni tasdiqlab olamiz. asosiysi, bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli ravishda amalga oshirishda davom etish”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Taʼkidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshig‘iga ko‘ra, nafaqat markaziy ko‘chalar, balki chekka tumanlarda ham “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etilmoqda. Ularda hamyurtlarimiz hamda shaharlarimizga tashrif buyurgan mehmonlar piyoda yoki velosipedda sayr qilishlari mumkin.
Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, veloyo‘laklarni ko‘zdan kechirib chiqqan ishchi guruh vakillari har bir ko‘chaning qulay joylarida ko‘proq velosiped ijara shoxobchalarini tashkil qilishga kelishgan.
Diqqat: Ushbu yo‘nalishdagi biznesga qiziqqan tadbirkorlar Toshkent shahar hokimligi, Sport va jismoniy tarbiya vazirligi hamda Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamentiga murojat qilishlari mumkin.
Murojaat uchun:
+71 239 24 56 - Xurshid Yunusov (Jismoniy tarbiya va sport vazirligi);
+71 210 02 58 - Elbek Nabiyev (Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti).