
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirig‘iga ko‘ra, Qo‘mita ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyati shahar va tumanlarining turizm salohiyati o‘rganildi.
Prezidentning 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5781-son farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 631-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatning Chiroqchi tumani “Tarag‘ay” qishlog‘i, Shahrisabz tumani «Gelon» qishlog‘i hamda Kitob tumanining «Beshir» qishloqlaridagi mahalla xonadonlariga tashrif buyurilib, xonadon egalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuv doirasida oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish, mazkur qishloq va mahallalarga “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli”, “Turizm qishlog‘i” maqomini berish orqali “Obod qishloq, Obod mahalla” davlat dasturiga kiritish yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tegishli Nizomga muvofiq oilaviy mehmon uylari faoliyatni yagona reyestrdan o‘tkazish tartiblari, oilaviy mehmon uylarida turistlarga xizmat ko‘rsatish, mehmon uylari tomonidan belgilangan talablarga rioya etilishi, oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda sayyohlarga yaratiladigan sharoitlar, xususan, mehmon uylarini milliy jihozlar bilan bezatish, ular tomonidan qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.
Targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida viloyatning Kitob tumani “Beshir" qishlog‘ida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, tuman davlat xizmatlari markazi, tuman soliq inspeksiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan 11 nafar oilaviy mehmon uylari egalarini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib, Oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritdi hamda ularga tegishli guvohnomalarni topshirdi.
Endilikda ushbu mahallalarda yashovchi oilaviy mehmon uylari egalari mehmon uylariga tashrif buyuruvchi sayyohlarni qonuniy tartibda qabul qilishlari mumkin.
Taʼkidlash joizki, ushbu mahallalarda oilaviy mehmon uylarini ochilishi mahalliy aholining bandligini taʼminlash hamda ichki turizmni rivojlantirish yo‘lida xizmat qiladi.