
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ishchi guruhi Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida turizm qishloqlari va oilaviy mehmon uylari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borib, bir kunning o‘zida 10 ta mehmon uyi faoliyatini boshlab berdi.
Viloyatga tashrif O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5781-son farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 631-sonli qarori ijrosini taʼminlashga yo‘naltirilgan.
Ishchi guruh Surxondaryo viloyati Boysun tumani Inkabod MFYdagi Omonxona qishlog‘i, Sayrob MFYni, Denov tumani Sangardak qishlog‘i, To‘polon suv ombori, Oltinsoy tumani Hoji Pok ota mahallalarida bo‘lib, tashrif doirasida har bir mahallaning turizm salohiyatini o‘rgandi va tadbirkorlar hamda mahalliy aholi bilan turizm xizmatlarini tashkil etish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu maqomini berish orqali “Obod qishloq, Obod mahalla” davlat dasturiga kiritish yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, oilaviy mehmon uylari faoliyatni yagona reyestrdan o‘tkazish tartiblari, oilaviy mehmon uylarida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, mehmon uylari tomonidan belgilangan talablarga rioya etilishi, oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda mehmonlarga yaratiladigan sharoitlar, jumladan, mehmon uylarini milliy elementlar bilan bezatish, ular tomonidan qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatishga doir targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.
Endi ushbu mahallalarda yashovchi oilaviy mehmon uylari egalari mehmon uylariga tashrif buyuruvchi sayyohlarni qonuniy tartibda qabul qilishlari mumkin.
Taʼkidlash joizki, Surxondaryo viloyati mahallalarida oilaviy mehmon uylarining ochilishi mahalliy aholining bandligini taʼminlash hamda ichki turizmni yana-da rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyatga ega.