
“Hilton” mexmonxonasida Yevropa Ittifoqining "Switch Asia" tashabbusi doirasida "Markaziy Osiyoda barqaror turizm modeli: salohiyat va xabardorlikni oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish" yangi loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Loyiha vazifalarini amalga oshirish uchun birinchi bosqichda o‘quv mashg‘ulotlari ishtirokchilarining arizalari to‘plandi va sayyohlik kompaniyalari vakillari va mehmonxona biznesi uchun vebinar shaklida o‘quv kursi tashkil etildi.
Tadbirni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun 6 mamlakatdan (Gretsiya, Kipr, Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston) samarali ishlaydigan tashkilotlar jamoasi tashkil etilib, O‘zbekistonda loyihani amalga oshiruvchi tashkilot sifatida O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) tanlandi.
Ishtirokchilarni sertifikatlash bo‘yicha trening quyidagi standartlarga yo‘naltirilgan:
• ISO 14001:2015 (Atrof-muhitni boshqarish tizimi);
• HCMI (Hotel Carbon Measurement Initiative). Mehmondo‘stlik sohasi uchun mo‘ljallangan metodologiya va vositalar to‘plami;
• KSO (korporativ ijtimoiy javobgarlik).
Tadbir ishtirokchilarining yuqori darajadagi ekspertlik darajasi va foydali bilimlarga bo‘lgan qiziqishi faol o‘zaro aloqalar va qizg‘in munozaralarni shakllantirishga imkon berdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sanoatini modernizatsiya qilish, ushbu sohani barqaror rivojlantirish uchun meʼyoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish va takomillashtirish, xalqaro standartlarga muvofiq xorijiy mehmonlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Loyihaning strategik maqsadi ham ekologik xabardorlikni oshirish va tegishli amaliyot va texnologiyalarni Markaziy Osiyo mamlakatlarining otel biznesiga joriy etishdan iborat. Loyiha vazifalarini amalga oshirish doirasida AKT bo‘yicha tegishli bilim va ko‘nikmalarni taqdim etish orqali joylashtirish vositalariga uslubiy va texnik yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, talim tadbirlari doirasida ishtirokchilar raqobatbardoshlikni oshirish uchun “yashil” xaridlarning standartlariga va o‘ziga xos xususiyatlariga mos keladigan barqaror turizmning GSTC mezonlari bo‘yicha o‘qitildi.
Shuningdek, mutaxassislar turizm korxonalarida atrof-muhitni boshqarish mavzulari bo‘yicha qo‘shimcha bilimlarga ega bo‘lishdi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasida mehmonxona biznesida barqaror turizm va yashil texnologiyalarni tatbiq etish darajasi muttasil o‘sib borishida katta ahamiyatga egadir.