
21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi majlislar zalida davlat tili bayramiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov so‘zga chiqdi.
Aziz Abduhakimov o‘zbek tilining AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universiteti va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilayotganini faxr bilan taʼkidladi. Yurtimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari tashkil etilayotganini eʼtirof etdi.
Qo‘mita raisi ona tilimizning tarixi va ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, bundan buyon barcha hujjatlarning davlat tilida yuritilishi zarur ekanligini taʼkidladi. Xodimlarning bosqichma-bosqich to‘liq davlat tilida ish yuritishga o‘tishiga doir tavsiyalar va tegishli topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov masʼullarni barcha hududlardagi turistik maskanlar nomi va u yerlardagi yozuvlarning o‘zbek tilida bexato yozilishiga eʼtibor qaratishga chaqirdi.