
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan Buxoro shahrida joylashgan “Sahid Zarafshon” mehmonxonasida “Quality service” sertifikati taqdimoti “Eng yaxshi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi, avtomobillarga gaz quyish stansiyasi va avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari”ning taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Hududiy bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muxayyo Xayitova boshchiligidagi ishchi guruhi aʼzolari ishtirok etdi.
Shuningdek, respublika mas’ullari tadbir davomida AGTKS, AGQS, AYQSlarda sanitariya-gigiyena shoxobchalarini jihozlash, mavjudligini o‘rganish hamda monitoring qilishni tashkil etish bo‘yicha so‘z yuritdi. Qo‘mita hamda qator masʼul vazirliklar bilan birgalikda amalga oshirilgan ko‘lamli ishlar sababli hududlardagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sanitar-gigiyenik holat ancha yaxshilangani ta’kidlandi.
Jumladan, joriy yilning 19-20 noyabr kunlari Respublika va hududiy ishchi guruh aʼzolari o‘rganishlari natijasida Buxoro viloyatida aholi va sayyohlar uchun qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan eng yaxshi avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari taqdirlash va rag‘batlantirish maqsadida Buxoro shahri, Alpomish ko‘chasida joylashgan “GRAND GAZ SERVICE” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli AYQSH (avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi), Qorovulbozor tumani, А-380 avtomagistral yo‘l yoqasida joylashgan “Buxoro-2500” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli AGQSH (avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi) hamda Romitan tumani, “Marziya” mahalla fuqarolar yig‘ini A-380 avtomagistral yo‘l yoqasida joylashgan “ROMITAN SARBON YO’L QURILISH” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli AGTKS (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi)ari eng yaxshilari deya tanlab olindi.
Shu o‘rinda, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining sertifikatlari va qimmatbaho sovg’alari topshirildi. Tadbir doirasida Buxoro viloyatida mavjud AGTKS, AGQS, AYQSlardagi holati namunali deb topilib, kelgusida mazkur ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan ishchi guruh tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.
Yurtimizga ko‘plab sayyohlar qiziqishining ortishi sababli hududlardagi turistlar tashrif buyuradigan obyektlar va avtomagistral yo‘llarda umumiy foydalanuvdagi sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish masalasiga yuqori eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, mazkur obyektlar hozirgi zamon talablariga to‘liq javob bergan holda toza-ozoda, shinam va qolaversa, imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham qulay bo‘lishi nazarda tutilgan.