
Yaponiyaning Nagoya va O‘zbekistonning Toshkent shahri o‘rtasida “Turizm va madaniy hamkorlik” bitimi imzolanganligining bir yilligi nishonlanmoqda. Mazkur hamkorlik bitimi 2019 yil 18 dekabrda imzolangan edi.
Nagoya shahrining rasmiy qarorgohida bo‘lib o‘tadigan tadbirda, Nagoya shahri meri Takashi Kavamura, O‘zbekistonning Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Fozilov G‘ayrat, yurtimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari hamda boshqa nufuzli mehmonlar onlayn ishtirok etishadi.
Bayram dasturi ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda Toshkent shahrini targ‘ib qiluvchi maxsus bezatilgan avtobusni taqdimot marosimi bo‘lib o‘tadi.
Taʼkidlash joizki, bu avtobus 4 oy davomida, 2021yilning mart oyiga qadar Gokiso-dori-Kanayama-Irinaka-Nagoya universiteti yo‘nalishlarida harakat qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston madaniyati va ananalari, milliy musiqa sanʼati namoyishi ham tadbirdan joy olgan.
Bundan tashqari, barcha vatandoshlarimiz Nagoyadagi Toshkent kunini onlayn tarzda, QR-kodi orqali, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish imkoniga ham ega bo‘lishadi.