
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Yoshlar ishlari agentligi hamda Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda yangi loyihani yo‘lga qo‘ymoqda. Dekabr oyida Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Nukus va Toshkent teatrlari yoshlarga to‘ladi. Poytaxtning pop-rok yo‘nalishida ijod qiluvchi “Elektrooko” guruhi 1-13 dekabr kunlari O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab turi doirasida musiqiy chiqishlar va taʼlimga oid maʼruzalar tashkil qiladi.
“Back To The Theater” turining maqsadi – sifatli hamda jonli musiqa yangrovchi yorqin chiqishlar orqali yoshlarni davlat teatrlariga qaytarish, shuningdek ichki turizmni rivojlantirish. Guruh mamlakat bo‘ylab brendlangan mikroavtobusda harakatlanadi, har kuni sayohat haqida Youtube‘da realiti-shou formatidagi videosi bilan bo‘lishadi.
Musiqiy guruh yetakchilari Ashot Daniyelyan va Nikita Makarenko har bir shaharda taʼlim maʼruzalari, zamonaviy musiqani yaratish va uni targ‘ib qilish sirlari haqida so‘z yuritishadi.
“Biz hududlardagi pandemiya davrida to‘xtab qolgan madaniy hayotni biroz bo‘lsa-da jonlantirishga qaror qildik. Biz yoshlarga yangi va noodatiy chiqishlarimizni namoyish qilib, o‘z taftimiz bilan odamlar qalbiga iliqlik ulashmoqchimiz. Bu juda muhim. Yoshligimda o‘zim ham shunday konsertga borganman va bu mening hayotimni o‘zgartirgan. Biz o‘z misolimizda O‘zbekistonda dolzarb musiqa yaratish mumkinligini ko‘rsatib bermoqchimiz”, - dedi “Elektrooko” guruhi prodyuseri va gitaristi, taniqli jurnalist Nikita Makarenko.
Barcha tadbirlar epidemiologik talablarga muvofiq, tomoshabinlarni ijtimoiy masofa saqlagan holda joylashtirib o‘tkaziladi. Chiptalar narxi 5-10 ming so‘mni tashkil qiladi, mablag‘larning bari hududlardagi teatrlarning o‘zida ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qoldiriladi.
Bundan tashqari, musiqiy guruh O‘zbekistonning u qadar mashhur bo‘lmagan turistik maskanlarida jonli musiqa taratib, tur davomida o‘zining yangi qo‘shiqlariga to‘rt kichik klipni namoyish qiladi.
“Mamlakatimizdagi musiqachilar hududlar bo‘ylab avtobusda turlarga borishmaydi. Lekin men aynan shunday formatdagi, kinolarda ko‘rganimdek turni uyushtirish haqida orzu qilganman. Men O‘zbekistonning go‘zal maskanlari va Farg‘ona, Samarqand, Buxoro hamda Nukusdagi biri-biridan ajoyib odamlar bilan uchrashuvni orziqib kutyapman”, - dedi guruh qo‘shiqlari muallifi, vokalist va gitarist Ashot Daniyelyan.
Guruhning harakatlanishi va joylashuv manzillari hamda tadbirlarning boshlanish vaqtini Electrooko.com sayti hamda uning YouTube, Telegram, Facebook va Instagram sahifalaridan kuzatishingiz mumkin.
“Back To The Theater” turi shuningdek O‘zbekistonning Shveysariyadagi elchixonasining Shveysariya hamkorlik byurosi, shuningdek “KNAUF”, “Makro”, “YAMAHA Tashkent” va “IOSIS” kompaniyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Media-hamkorlar - Repost.uz, Teznews.uz, TBLD.uz va Troll.uz.
Tur jadvali:
2 dekabr (soat 17:00). Farg‘ona viloyati rus drama teatri.
Kassa raqami: +998 90 537 82 37
5 dekabr (soat 18:00). Samarqand viloyati rus drama teatri
Kassa raqami: +998 90 600 17 26
8 dekabr (soat 17:00). Buxoro viloyati musiqa-drama teatri.
Kassa raqami: +9998 93 689 13 13
11 dekabr (soat 18:00). Qoraqalpoq davlat musiqa teatri.
Kassa raqami: +998 91 384 70 69
13 dekabr (soat 18:00). O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri.
Kassa raqami: +99871 2441087
Maʼlumot uchun: “Elektrooko” guruhi 2020 yilda Mark Vaylning “Ilhom” teatrining “Ertaga” spektakli ishtirokchilari tomonidan tashkil topgan. Guruh tarkibida Ashot Daniyelyan va Nikita Makarenkodan tashqari taniqli musiqachilar Sanjar Nafikov, Stanislav Toropchin, Lemara Ablyatifova va Valeriya Kapranova ham faoliyat yuritmoqda. 1 oktyabrda guruh jahonning barcha striming servislarida o‘zining birinchi “Tashvishli qo‘ng‘iroq” albomini hamda “1984” qo‘shig‘iga ishlangan klipini taqdim etdi. Fevral oyida guruh Milliy simfonik orkestr bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonda o‘zining “Ertaga” nomli qo‘shig‘iga klip tasvirga oladi, qo‘shiq O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon bilan birgalikda yozilgan. 2021 yilning bahorida “Elektrooko” MDH mamlakatlari bo‘ylab katta turga yo‘l olishni rejalashtirgan.