
Avval xabar berganimizdek, 6-mart kuni ITB Berlin 2019 xalqaro turistik ko'rgazmasi Germaniyaning Berlin shaxrida o’z faoliyatini boshladi.
Koʻrgazma doirasida 2019-yil 6-mart kuni Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchisi A. Akkulov Yevropa sayyohlik operatorlari va agentliklari assotsiatsiyasi (ECTAA) bosh kotibi janob Mishel de Bluest bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Yevropada turizm industriyasining rivojlanish tendensiyalari, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va tashabbuslar shuningdek, hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakuniga koʻra, joriy yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqining milliy sayyohlik assotsiatsiyalari prezidentlari va rahbarlari ishtirokida ECTAA Bosh assambleyasini Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida hamda tashrif davomida Assotsotsiyaga aʼzo boʻlgan har bitta davlat oʻzlarini yurtidagi milliy sayyohlik tashkiloti va markaziy OAV larida yoritishilinishiga kelishib olindi.
Maʼlumot: ECTAA - Yevropa sayyohlik agentliklari va sayyohlar assotsiatsiyasi boʻlib, 1961-yilda tashkil etilgan. Bad-Kreuznach (Germaniya) da 6 umumiy bozor tashkilotchilarining sayyohlik agentliklari va turoperatorlar milliy birlashmalari tomonidan tashkil etilgan. Yevropa Ittifoqi kengayishi paytida Assotsiatsiyaga boshqa milliy uyushmalar qoʻshilgan.
Assotsiatsiya Yevropa Ittifoqi institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib, ularning manfaatlarini hisobga olishgan holda faoliyatini taʼminlaydi.
Hozirgi kunda ECTAA aʼzolari Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati (Lyuksemburgdan tashqari) kiradi. Shuningdek, ECTAA Chernogoriya, Norvegiya va Shveytsariya (Evropadan), Tunis, Marokash, Malayziya va Isroil (xalqaro aʼzolar sifatida) turistik agentliklari va turoperatorlarining ham milliy uyushmalari hisoblanadi.
ECTAA ning asosiy oʻz ichiga oladigan faoliyat yoʻnalishi bu - transport, isteʼmolchilar, turizm, soliqlar, ichki bozor va yoʻnalishlar.
Maʼlumot uchun: Noyabr oyida yurtimizga ECTAA ning Bosh assambleyasini tashrifidan maqsad: mustaqil ravishda ECTAA ning yillik oʻz faoliyatini sarhisobini oʻtkazish hamda ECTAA aʼzolariga yaʼni, milliy sayyohlik assotsiatsiyalari prezidentlari va rahbarlariga Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini yaqindan tanishtirishdir. Shuningdek, tashrif davomida ECTAA aʼzolariga Qoʻmita tomonidan tarixiy shaharlarimizga sayohat tashkillashtirish ham koʻzda tutilgan.
Yevropa Ittifoqining milliy sayyohlik assotsiatsiyalari prezidentlari va rahbarlarining yurtimizga tashrifini tashkil etish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bruxelledagi elchixonasi yaqindan yordam beradilar.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati