
7 yanvar kuni Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri oldida ochiq muz maydoni ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusiga ko‘ra, “Ochiq osmon ostidagi shahar muz maydoni” loyihasi Toshkent shahar hokimiyati, Madaniyat vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, “Art Uz Promotion Agency” hamkorligida yo‘lga qo‘yildi.
Ochiq osmon ostidagi muz maydoni loyihasi ochilishida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning tabrik nutqi o‘qib eshittirildi: “Prezidentimizning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida mamlakatimizda aholining sport bilan shug‘ullanishi va sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi uchun qator sharoitlar yaratilmoqda. Toshkent shahrida ochiq osmon ostidagi muz maydonining ishga tushirilishi ham shular jumlasidandir. Loyihadan ko‘zlangan maqsad aholi orasida sog‘lom turmush tarzi hamda sportni keng targ‘ib qilishdan iborat. Yurtdoshlarimiz bir oy mobaynida shu yerga tashrif buyurib, o‘z vaqtlarini mazmunli va foydali o‘tkazishlari mumkin. 2021 yilning mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilinganini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu loyihaning amalga oshirilishi ayni muddaodir”.
Poytaxt markazidagi mazkur muz maydoni bir oy muddatga o‘rnatilgan bo‘lib, bu vaqt mobaynida ochiq osmon ostidagi muz maydonida qator madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari tashkil etiladi. “Dance Music Fest Winter”, “Iosis Fest”, “Tashkent Rap Festival” musiqiy festivallari, shuningdek, xokkey bo‘yicha o‘smirlar chempionati, muz ustida raqs shousi kabi tadbirlar shular jumlasidandir.
Shahar muz maydoni ochilishida Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish bo‘yicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin o‘zining “Qish” dasturi bilan ishtirok etdi. Shu bilan birga, ochiq osmon ostidagi muz maydoni ochilishida o‘zbek estradasi yulduzlari ham o‘z chiqishlari bilan qatnashdi.
Ochilish marosimida kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda murojaat bilan chiqqan Amir Iskakov ham taklif qilinib, unga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan xokkey ekipirovkasi uchun maxsus sertifikat topshirildi.
Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan fud-kort zona xizmati yo‘lga qo‘yilib, unda poytaxtning tez ovqatlanish, qandolatchilik va qahva brendlari faoliyat yuritmoqda. Maydon oldida chang‘i va boshqa uchish aksessuarlari ijara punkti xizmati yo‘lga qo‘yildi. Muz maydonida harakatlanish bepul.
Shahar ochiq osmon ostidagi muz maydonida O‘zbekistonning xokkey, figurali uchish va muz ustidagi raqs bo‘yicha bepul mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi. Kechki vaqt esa xokkey bo‘yicha bolalar turniri hamda yosh figuristlarning ko‘rgazmali chiqishlari bo‘lib o‘tadi.