
Fransiyaning yetakchi “Le Figaro” nashri tomonidan 2021-yil 6-yanvarda “2020 - yilda turg‘unlikka uchramagan mamlakatlar” nomli maqola chop etildi. Unda, O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yilda turg‘unlikka uchramagan dunyodagi kam sonli mamlakatlardan biri sifatida qayd etilgan. Maqola muallifi Armel Bohinest, Jahon bankining jahon YaIM 4 foizga pasayganligi to‘g‘risida ham ma’lumot keltirgan. O‘tgan yili dunyoda yuz bergan iqtisodiy tanazzul, ikkinchi jahon urushidan keyin sodir bo‘lgan sayyoramiz miqyosidagi inqirozdir.
“Yevropadan Amerikaga, Afrikadan Osiyoga qadar biron bir qit’a ushbu tarixiy zarbadan qutulib qolmadi”, deb yozadi gazeta. “Le Figaro” nashrining yozishicha, faqat bir necha davlat “sayyora bo‘roni”ga dosh berib, qiyin 2020-yilda iqtisodiy o‘sishni namoyish etdi. Mazkur maqolada Markaziy Osiyodagi uch davlat, xususan O‘zbekiston 2020 yilda ijobiy iqtisodiy o‘sishni namoyish etgani qayd etilgan.
“Xalqaro valyuta jamg‘armasining baholashiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati, o‘z vaqtida tezkor choralar ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi, xususan, ijtimoiy va sog‘liqni saqlash uchun xarajatlarini ko‘paytirdi va “COVID-19” bilan kurashishda kichik va o‘rta biznes vakillariga katta yordam ko‘rsatdi. Tabiiy resurslarga (tabiiy gaz, metallar, o‘g‘itlar, paxta) boy va yuqori turizm salohiyatiga ega bo‘lgan mamlakat rahbari, so‘nggi yillarda mamlakatda misli ko‘rilmagan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmoqda” - deya ta’kidlaydi muallif.
“Le Figaro”da yozilishicha, Jahon banki 2020-yilda iqtisodiy tanazzulning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga Xitoy, Turkiya, Vetnam kabi 22 mamlakat kiritilgan.
Ma’lumot o‘rnida: “Le Figaro” - 1826-yilda tashkil etilgan Fransiyaning yetakchi gazetalaridan biri bo‘lib, 329 ming nusxada chop etiladi. U raqamli ma’lumotlar sohasining faol ishtirokchisi bo‘lib, oyiga 23,5 millionga yaqin kuzatuvchi tashrif buyuradigan yangiliklar saytlarining yetakchisi hisoblanadi.