
Toshkent viloyatida global investitsiya forumi o‘tkaziladi. Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Ispaniyaga tashrifi doirasida BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan shunga doir kelishuvga erishdi.
Aziz Abduhakimov Zurab Pololikashvili bilan uchrashuvi davomida uni O‘zbekistonning turizm sohasi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sohasi tubdan isloh qilinayotgani, bundan maqsad turizm sohasini milliy iqtisodiyotning strategik yo‘nalishiga aylantirish ekani taʼkidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan “Uzbekistan: safe travel guaranteed” sanitar-gigiyenik protokoli hamda xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kirish tartibi, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti hamda sohaga ixtisoslashgan professional kollejlar faoliyatiga oid maʼlumotlar taqdim etildi.
Tomonlar taʼlim turizm sohasining bundan keyingi rivoji hamda sohani qayta tiklashdagi asosiy resurslardan biri bo‘lishini taʼkidlagan holda, O‘zbekistonning professional o‘quv muassasalari bitiriuvchilari uchun sertifikatsiya toifalarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib olishdi. Bu turizm sohasidagi milliy kadrlarning professional standartlari va ko‘nikmalarini yana-da yaxshilash, shuningdek, professional kadrlarning jahon xizmatlar bozoriga chiqishini taʼminlaydi.
Turizm sohasiga investitsiya kiritish hamkorlikning yana bir yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqildi. UNWTO Bosh kotibi Toshkent viloyatining sayyohlik salohiyati, xususan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti faoliyati bilan tanishib chiqib, O‘zbekiston pandemiya davrida turizm sohasiga investitsiya kiritishda davom etayotgan kam sonli mamlakatlardan biri bo‘lib qolayotganini taʼkidladi.
Tomonlar shuningdek, 2021 yilning iyun oyida (jahondagi sanitar-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib) Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida UNWTO shafeligi ostida global investitsiya forumi o‘tkazilishiga doir kelishuvga erishishdi.
Zurab Pololikashvili BTT Italiya bilan hamkorlikda Birinchi bolalar turizmi forumini tashkil qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qilib, uning doirasida O‘zbekistonning yosh sayyohlarni tarbiyalashdagi tajribasi taqdimotini o‘tkazishni taklif qildi. Shu bilan birga, 2022 yilda ikkinchi shunday forumni O‘zbekistonda o‘tkazish imkonini ko‘rib chiqish so‘raldi.
Muzokaralar davomida shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Zurab Pololikashvili O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi boy merosini eʼtirof etdi. U Butunjahon turizm tashkiloti har ikki yilda mazkur mavzuda tadqiqot tayyorlashini taʼkidlab, 2021 yilning navbatdagi tadqiqotlariga O‘zbekistonning tarixiy merosini o‘rganishni kiritishni taklif qildi.