
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ishchi guruhi ayni kunlarda Surxondaryo viloyatida bo’lib, hududda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashga oid o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
O‘rganish davomida mas’ullar vohadagi turizm obyektlari, ko‘ngilochar maskanlar hamda viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi, Boysun turizm va servis kollejida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishiga doir holat bilan yaqindan tanishdi. Davlat tilida ish yuritish holati, turizm obyektlari va ko‘ngilochar maskanlarga nom berilishi hamda tashqi reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligi o‘rganildi.
Surxondaryo viloyati Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasida o‘tkazilgan o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida so‘z yuritildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi sohadagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga yo‘naltirilgan.
Shu o‘rinda, “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” tasdiqlanib, tegishli vazifalar belgilab olingan.
“Mamlakatimizda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni Vatanimiz suvereniteti va mustaqilligi yo‘lida tashlangan dadil qadamdir, – dedi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, ishchi guruh rahbari O‘tkir Saidov. – O‘ttiz ikki yildan buyon mazkur qonun xalqimizni ezgu islohotlar yo‘lida birlashtirib, tinch, obod va to‘kin hayot qurishdek ulug‘vor ishlarga undaydigan beqiyos kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ona tilimiz xalqaro minbarlarda baralla yangrab, uning dunyodagi o‘rni va nufuzi oshmoqda. So‘nggi yillarda “O‘zbek tili bayrami kuni” keng nishonlanayotgani ham yurtimizda davlat tiliga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidan dalolatdir”.
Ishchi guruh tomonidan joylardagi turizm obyektlari, ko‘ngilochar maskanlar hamda hududiy departament va boshqarmalarda qonun ijrosi ta’minlanishini o‘rganib, o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini ro‘yobga chiqarishga yaqindan ko‘maklashishni maqsad qilingan.
Ishchi guruh a’zolari Hakim at-Termiziy, Iso Termiziy, Sulton Saodat majmualari, Kokildor ota xonaqasi, Qirqqiz qalasi, Termiz hayvonat bog‘i, Qoratepa, Fayoztepa arxeologik yodgorliklari, Termiz Arxeologiya muzeyi, Termiz davlat muzey qo‘riqxonasi, Termiz shahridagi mehmonxonalar va boshqa turizm obyektlardagi nom berilishi, peshtaxta yozuvlarining davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligini ko‘zdan kechirib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berishdi.
“Yildan-yilga obodonlashib borayotgan muqaddas qadamjomizni dunyoning turli davlatlari va mamlakatimizning barcha hududlaridan sayyohlar kelib, ziyorat qiladi,– deydi Hakim at-Termiziy majmuasi direktori A.Choriev. – Shuningdek, peshtaxtalardagi ayrim yozuvlarni davlat tilida yozib qo‘yishda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan ekanmiz. Ishchi guruh o‘rganib, ularni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirishni tavsiya etdi. Barcha yozuvlarni davlat tilida aks ettirishning nafis madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda ona tilimizning nufuzini oshirishdagi ahamiyati haqida tushunchalar berdi va biz bu kamchilikni tezda bartaraf etishga kirishdik”.