
Poytaxtning Sergeli tumanida yana bir yangi oilaviy mehmon uyi va hostel ochildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahri bo‘ylab olib borilgan o‘rganishlar natijasida “Qumariq” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Azizbek Xosiyatxon” oilaviy korxonasi tomonidan oilaviy mehmon uyi faoliyati tashkil etildi. Yangi faoliyat boshlagan oilaviy mehmon uyi 3 xona va 10 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, xonadon sohibiga oilaviy mehmon uylari va hostellar yagona reyestridan ko‘chirma taqdim etildi hamda Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi 631-sonli qaroriga asosan turizm faoliyati subyektlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qator topshiriqlar ijrosi yo‘lidagi rejali ishlar davom ettirilmoqda.
Sergeli tumanidagi yangi oilaviy mehmon uyi o‘zining sharqona muhiti, noyob so‘zana va matolari, ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan sandiq hamda milliy buyumlari bilan boshqalaridan ajralib turadi. Jumladan, xonadon sohiblari tomonidan mehmonlarga milliy taomlarimizning tayyorlanish sirlari ko‘rsatib beriladi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 10-iyulda “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qabul qilingan 433-sonli qarori asosida “O‘zbekiston Respublikasida hostellar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Poytaxtda hostel xizmatini taqdim etish istagida bo‘lgan navbatdagi tashabbuskor o‘z faoliyatini boshladi. Jumladan, Toshkent shahar Turizmni rivojlantish departamenti tomonidan “Kamola” hosteliga Oilaviy mehmon uylari va xotellar yagona reyestridan ko‘chirma tantanali ravishda topshirildi. Toshkent shahar, Sergeli tumani, Navro‘z ko‘chasi, 41-uyda joylashgan mazkur hostel 13 xona va 60 o‘ringa mo‘ljallangan.
Ta’kidlash joizki, Toshkent shahrining barcha tumanlari kesimida oilaviy mehmon uylarini tashkil etishga doir targ‘ibot ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Sergeli tumanida ilk oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar qilgan edik.