
Fransiya kompaniyalari konsorsiumi a’zolari Toshkent viloyati rahbariyati bilan uchrashib, "Chorvoq" erkin turistik zonasining bosh rejasi bo‘yicha ishlab chiqilgan hujjatlarni taqdim etishdi. Ushbu hujjatlar asosan uch qismdan iborat bo‘lib, ular “Beldersoy loyihasi”, “Chimyon loyihasi” hamda “Nanay loyihasi” qismlaridan iborat bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 5 dekabrdagi “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonining 8-bandida «ToshkentboshplanLITI» DUK tomonidan xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda erkin turistik zonaning bosh rejasi va hududning batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.
Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) "Chorvoq" erkin turistik zonasining batafsil bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqishga qaratilgan 750 ming yevro grant mablag‘i taqdim etganidan so‘ng, 2018 yilning 21 noyabrida Fransiyaning “Geode” kompaniyasi boshchiligida, “Orex Loisirs”, “Patriarch”, “Epode” va “CDA Management” kompaniyalari "Chorvoq" ETZning Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududlarini o‘rganish, batafsil bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqish yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi bilan kelishuv imzolagan edi.
Fransiyalik mutaxassislardan iborat ishchi guruhi “Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida o‘rganish ishlarini olib borish va muzokaralar o‘tkazish yuzasidan joriy yilning 21-28 yanvar kunlari hamda 25-29 mart kunlari tashrif buyurgandi.
Tashrif davrida mutaxassislar Chimyon, Beldirsoy, Chorvoq va Nanay hududlarining geografik joylashuvi, tabiati, tuproq qatlamlari, iqlimining o‘ziga xosligi, tashrif buyuruvchi turistlar soni bilan bog‘liq ma’lumotlarni batafsil o‘rganib borishdi. Mazkur jarayonda Fransiya kompaniyalari konsorsiumi a’zolari Bo‘stonliq tuman Kadastr bo‘limi, Obodonlashtirish bo‘limi, “Toza hudud” bo‘limi, Burchmullo o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari va “Chorvoq suv ombori” tashkilotlari bilan muzokaralar olib borishdi.
Xorijlik mutaxassislar tomonidan erkin turistik zona hududini rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator shaharsozlik va xizmat ko‘rsatish loyihalarining konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi.
Uchrashuvda Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov, hokim o‘rinbosari Sayfiddin Nizamov, viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Ismat Nusurov, "Chorvoq" erkin turistik zonasi direksiyasi rahbari Jamshid Sadirov, Toshkent viloyati bosh arxitektori Aktam Chorshanbiyev, shuningdek, "ToshkentboshplanLITI" DUK arxitektorlari, Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi, Bo‘stonliq tumani hokimligining tegishli vakillari ishtirok etdi.
Fransiyalik mutaxassislar taqdimotida Chimyon dam olish oromgohi hududida avtomobil yo‘lini tonnel ko‘rinishiga keltirib, ustki qismida bir qator turistik ob’ektlar va turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish, mavjud kanat yo‘llari o‘rniga yangi, zamonaviy kabinali kanat yo‘llarini qurish takliflari berildi. Bundan asosiy maqsad Chimyon hududining tabiiy jozibasini buzmagan holda yer maydonlaridan optimal foydalanishdan iborat.
Shuningdek, fransuz mutaxassislar tomonidan erkin turistik zonasining Beldirsoy hududida mavjud “Beldirsoy” dam olish maskani va qurilayotgan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort zonasi oralig‘iga zamonaviy ko‘rinishda dam olish maskanlari majmualarini joylashtirish orqali hududda yana qo‘shimcha chang‘i uchish, kanat yo‘llarini qurish takliflari bildirildi.
Nanay hududida esa Chorvoq suv ombori qirg‘oqlaridan optimal foydalangan holda plyajlar barpo etib, suv sporti turlarini va ekstremal sport turlarini yaratish taklif etildi.
Ahamiyatlisi, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida Chorvoq erkin turistik zonasida turizmning mutlaqo yangi va zamonaviy turlari rivojlantiriladi. Eng muhimi, mazkur xizmatlarning sifat darajasi jahon standartlari talablariga to‘liq javob beradi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati