
«Sayyoh ichki ishlar idoralari orqali emas, balki mamlakat boʻylab sayohat qilishi kerak. Turistga talablar qoʻymaslik kerak, balki unga sharoit yaratish kerak».
Sh.Mirziyoyev, 2018 yil fevral.
Yosh er-xotin sayyohlar - italiya fuqarosi Louis Bartoli va nemis fuqarosi Filipp Erfürt bilan yuzaga kelgan muammoli vaziyat haqida «Gazeta.uz» internet nashrining 6-yanvar kuni xabar qilgan edi.
Avvalo, «Gazeta.uz» tahririyati xodimlariga ushbu masalaga tezlik bilan eʼtibor qaratib, xolisona munosabat bildirganligi uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tadbiq etishda ommaviy axborot vositalari vakillarining oʻrni juda ham sezilarli darajadaligi, ularning faol ishtirokini Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qoʻllab-quvvatlaydi.
Fursatdan foydalanib, biz barcha ommaviy axborot vositalarining vakillari sayyohlar muammosini, turizm sohasidagi kamchiliklarni keng yoritishni va qoʻmitamiz faoliyatini yanada xolisona tahlil qilishni soʻrab qolamiz, chunki mamlakatda erkin matbuotning mavjudligi davlat hokimiyati vakillarini respublikamizni rivojlantirishdagi asosiy masalalarga eʼtibor qaratishlariga imkon beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi 2018-yil 4-iyuldagi PQ-3836-sonli qarori 1-ilovaga muvofiq berilgan elektron viza chiqarilgan kundan boshlab 90 kun mobaynida amal qiladi.
Xorijiy fuqaroning respublika hududiga kirish vaqtida vizaning amal qilish muddati 30 kundan kam boʻlsa, xorijiy fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish muddati elektron vizaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak. Yaʼni, ajratilgan vaqtdan koʻra uzoqroq boʻlish maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanadi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 225-moddasiga binoan “Chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzishi eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”.
Ushbu Kodeksning 245-moddasiga asosan “Maʼmuriy sudlar ushbu Kodeksning 225-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadilar”.
Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida kirish vizasi tashrif buyuruvchi safarni amalga oshirayotgan mamlakatga kirish huquqini beradi va vizaning amal qilish muddati - uni olingan sanasidan emas, balki Tashrif buyuruvchining safarni amalga oshirayotgan mamlakat chegarasini kesib oʻtgan sanasidan hisoblanadi. Ushbu mehmonlar shu kungacha juda ham koʻp sayohat qilganliklaridan kelib chiqib, bizning respublikamizda ham yuqorida keltirilganidek tartib amalda deb hisoblashgan. Shu oʻrinda, dunyoning koʻpgina mamlakatlarida tashrif buyuruvchi viza tartibini buzganda, aeroportda bevosita minimal jarima undirilishi yoki shaxsiy maʼlumotlarini tegishli maʼlumotlar bazasiga hech qanday jazo qoʻllamasdan kiritib qoʻyish amaliyoti keng tarqalgan.
Afsuski, amaldagi meʼyoriy-huquqiy baza koʻp jihatdan bugungi kun talablariga mos kelmasdan qolmoqda va ularni takomillashtirishni zamon talab qilmoqda. Shu bois, qabul qilingan “Turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi“da birinchi navbatda kelgusi yetti yil mobaynida ustuvor vazifalar sifatida oʻtgan yillar davomida orttirilgan tajriba va dunyo mamlakatlardagi qonun qoidalarni hisobga olib huquqiy bazani yanada takomillashtirish va xalqaro normalar va standartlarni yurtimizda joriy etishdan iborat.
Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Chegara qoʻshinlari xodimlariga belgilangan dam olish kunlariga qaramay, ushbu holat yuzasidan qonunchilik doirasida tezkor yordam koʻrsatganligi uchun alohida minnatdorchilik bildiramiz. Bundan tashqari, Yunusobod tuman maʼmuriy sudining sudyasiga eng kam ish haqining 100 barobari miqdorida jarima undirish yuzasidan, u oʻzini belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib, ushbu qonun buzilishi holati yuzasidan maʼmuriy javobgarlikka tortish tartibini cheklagani uchun alohida minnatdorchilik bildiradi. Bu ishlar o’z navbatida Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan sud islohotlarining samaradorligini yana bir bor tasdiqlaydi, sudyalar har bir ishning mohiyatini toʻliq oʻrganib, adolatli qaror qabul qilayotganlaridan darak beradi.
Bugungi kunda ushbu jinoyatlarning dekriminallashtirilishi, jarimalar miqdorini kamaytirilishi va chegara hududida ularni tegishli idoralar bilan kelishilgan holda muvofiqlashtiradigan qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, elektron vizalarni berish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha hozirgi kunda ham doimiy ish olib borilmoqda.
Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soʻnggi Farmoni asosida Germaniya, Italiya va boshqa koʻplab mamlakatlar fuqarolari bizning respublikamizga kirish uchun vizasiz tartibni joriy etilganligi belgilab berilgani arafasida vujudga kelgan ushbu holat yuzasidan afsusdamiz.
Shu bilan birga, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yosh oila koʻrgan moddiy zararni qoplashga tayyorligini, shuningdek, yosh oilaga oʻz mablagʻimiz hisobidan respublikamiz boʻylab VIP-sayohat turini taqdim etishga tayyorligini bildirib qolamiz.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati