
Bugun, 25-may kuni qadimdan O‘zbekistonning ilm-fan o‘chog‘i hisoblangan ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida “Buyuk ipak yo‘li chorrahasida ziyorat turizmining renessansi” mavzuidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Samarqand davlat universiteti va Buyuk Ipak yo‘li xalqaro turizm universiteti tomonidan tashkil etildi.
Unda dunyoning 36 ta mamlakati, jumladan, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Polsha, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa xorijiy mamlakatlardan 130 dan ortiq turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislar, olimlar va soha rahbarlari ishtirok etishmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchisi Abdulaziz Aqqulov so‘zga chiqdi:
- Tarixdan ma’lumki, Buyuk Ipak yo‘li nafaqat Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarining rivojiga, balki diniy va madaniy muloqotni taraqqiy ettirishga katta hissa qo‘shdi. Shu o‘rinda qayd etish joiz, yurtimizda sayyohlar uchun maksimal qulay sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Ko‘rilgan bu kabi choralar tufayli 2018-yilda kelayotgan sayyohlar oqimi 2017-yilga nisbatan oshdi. Bugungi kunda turizm sohasining hali tadqiq etilmagan sahifalarini ochish, musulmon davlatlarida islom madaniyati sivilizatsiyasini yanada rivojlantirish, davlatlararo yoshlar turizmini kuchaytirish borasidagi ishlarni rivojlantirish zarur.
Anjumanni o‘tkazishdan maqsad - sayyohlik markazi bo‘lgan Samarqand shahrida ziyorat qilish turizmini yanada shakllantirish, shuningdek, uni yanada rivojlantirish uchun amaliy, ilmiy va uslubiy takliflarni ishlab chiqishdir.
Konferensiya quyidagi to‘rtta sho'baga bo‘lingan holda ish olib bormoqda:
- O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari;
- Markaziy Osiyo – islom ilm-fanining ilg‘or g‘oyalari beshigi;
- ziyorat turizmini boshqarishning xalqaro tajribasi;
- madaniyat va me’morchilik Markaziy Osiyodagi madaniy yuksaltirishning yorqin aksi sifatida.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati