
“Turk dunyosi yoshlari tomonidan tayyorlangan bu maqolalar to’plami Mustaqilligining 28 yilini qarshi olayotgan ko’zimiz nuri, ota Vatanimiz O’zbekistonga butun Turk dunyosidan armug’ondir”
Orif Firtina TRTOK (RTUK) a’zosi
Turkiya Radio va Televideniye Oliy Kengashi (RTUK) tomonidan O’zbekiston tarixida yashab o’tgan allomalar, milliy qadriyatlari, me’morligi, san’ati va boshqa mavzularni yorituvchi maqolalar, foto va grafik materiallar joy olgan kitob, jurnal va gazeta chop etilib, Turkiyada oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga tarqatilmoqda.
“Madaniy qadriyatlarni tanitishda ommaviy axborot vositalarining roli: O’zbekiston misolida” nomli kitob 2018 yil may oyida Turkiya radio va televideniye oliy kengashi (RTUK) tomonidan O’zbekistonda o’tkazilgan ayni mavzudagi 10-Kelajak ila rishta amaliy mashg’ulotiga (workshop) bag’ishlangan. Amaliy mashg’ulot doirasida Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlariga sayohat uyushtirildi va Toshkent shahrida anjuman hamda ko’rgazma tashkil etildi.
Ushbu kitobda joy olgan maqola va grafik materiallarni 10-Kelajak ila rishta amaliy mashg’ulotida ishtirok etgan, 15dan ortiq turkiy davlatlardan Turkiyaga borib jurnalistika sohasida tahsil olayotgan talabalar akademik turk tilida tayyorlaganlar. Bundan tashqari, ishtirokchilar O’zbekiston haqida o’z tillarida va turk tilida videoroliklar tayyorlab, turkiyada va o’z davlatlarining ijtimoiy tarmoqlarida keng ommaga tarqatganlar. Bu talabalar ichida Turkiyada tahsil olayotgan o’zbekistonlik talabalar ham bo’lib, ular ham ona Vatanlarini Turkiyada tanitishga o’z hissalarini qo’shdilar. Jumladan, xorijlik talabalarning O’zbekiston haqida yozgan maqolalarini ko’zdan kechirib, to’g’ri ma’lumotlar tanlanishiga ko’mak berdilar.
Kelajak ila rishta amaliy mashg’uloti kordinatori, Turkiya Radio va Televideniye Oliy Kengashi (RTUK) a’zosi Orif Firtina kitobning kirish qismini bayon etar ekan, shunday yozadi: “Madaniyatimiz asosida joy olgan e’tiqod tizimimiz, ma’naviyat va madaniyatimizning shakllanish manbalarini kelajak avlodga yetkazib berish tarixiy vazifamizdir. Xususan, Islom madaniyatining beshigi bo’lgan O’zbekistonning tanitilishi hayotiy zarur masaladir. Imom Motrudiy, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Sohibqiron Amir Temur, Ibn Sino, Mirzo Ulug’bek, Abu Rayhon Beruniy kabi minglab allomalar yetkazib bergan O’zbekistonning iqtisodiyotidan turizmigacha, amaliy san’atlaridan oshxona madaniyatigacha turli yo’nalishlari bilan boshqa turkiy davlatlarda ham tanitilishi borasida ushbu amaliy mashg’ulot katta ahamiyatga ega”.
Shuni ta’kidlash joyizki, butun dunyoda mavqeyi oshib borayotgan va qiziqish ortib borayotgan O’zbekiston haqida bunday kitob chop etilishi Turkiya davlatida katta qiziqish bilan qarshi olindi. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, Turkiya davlatida O’zbekistonga bo’lgan qiziqish yuksak darajada va buni ushbu kitob chop etilgan kunlaridanoq unga bo’lgan talabdan ko’rish mumkin.
Kirobning elektron (pdf) shaklini quyidagi electron manzildan olishingiz mumkin.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati