
Bugun, 8-iyun kuni Ichan-qal’ada Pahlavon Mahmud nomidagi Birinchi Xalqaro bahodirlar o‘yinining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Turnir O‘zbekiston, Eron, AQSh, XXR, Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Rossiya, Ukraina, Latviya, Avstraliya, Gretsiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari sportchilarini to‘pladi. Shuningdek ochilish marosimida xorijiy kuzatuvchilar va turnir sudyalari, mahalliy va chet el OAV vakillari ishtirok etishmoqda.
Bahodirlar o‘yini ochilishida Xiva tumani hokimi Sobir Jumaniyazov, World Strongmen federation (WSF) boshqarmasi raisi Vladislav Redkin, Malayziyadagi Chellenj 2018 etnosporti g‘olibi Xogg Jeremi qatnashmoqda.
Sobir Jumaniyazov o‘z nutqida bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yosh avlod uchun sog‘lom turmush tarzini kechirishga misol bo‘la olishini ta’kidladi. “Bu turnir va bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi bolalarimizning hayotda o‘z o‘rini topishida, Vatanni va o‘z sha’nini himoya qilishida, kuchli va mustahkam iroda sohiblari bo‘lishida katta ahamiyatga ega!”
Ikki kun davomida sportchilar milliy naqshli ustunlarni ko‘tarish va ushlab turish, og'ir toshlarni ustunlarga o‘rnatish, mevalar bilan to‘ldirilgan aravani ko‘tarish, poyezd lokomotivini 20 metrga tortish va boshqa musobaqalarda asosiy sovrin uchun kuch sinashadi.
Bundan tashqari turnir doirasida sport ta’lim muasassalari o‘quvchilari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari, sahnalashtirilgan chiqishlar va ko‘ngilochar sport tadbirlari o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Baxodirlar o‘yini” Federatsiyasi hamda «World Strongmen» hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir, yengilmas bahodir va ma’rifatparvar xorazmlik shoir, faylasuf va so'fiy Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan.
#PahlavonMahmud #BahodirlarOyini2019 #BahodirlarOyiniXiva
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati