12.06.2019
Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan jamoat tashkilotlari (ayni vaqtda institutsional qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirayotgan tashkilotlardan tashqari) tomonidan arizalar www.uzbektourism.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda qabul qilinadi. Jamoat tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan arizalar quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqilishi lozim:
- Mehmonxona va restoranlarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, rahbar, mas’ul xodimlarning salohiyatini oshirish, mazkur sohada xorijdagi yetakchi mehmonxona va restoranlar vakillarini keng jalb qilish orqali turli o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazish, xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatish sohasida kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashga ko‘maklashish hamda kadrlar bazasini shakllantirish.
O‘zbekistonda mehmonxona va restoranlarda xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatish darajasini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida xalqaro konferentsiya va seminarlarni o‘tkazish, xorijiy ekspertlar ishtirokini ta’minlash hamda tadbirlar yakuni bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- Gidlar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashinuv imkoniyatini yaratish, xorijiy ekspertlar ishtirokida tadbirlar (seminar, konferentsiya, forum va b.) tashkil etish. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, O‘zbekiston gidlari faoliyati haqida videoroliklar yaratish, shuningdek, noqonuniy faoliyat yurituvchi gidlarga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- Hududlarda ommalashmagan turizm obyektlarini (moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlar, tabiiy obyektlar, tarixiy arxitektura va madaniy inshootlari va b.) o‘rganish, ular to‘g‘risidagi ilmiy asoslangan ma’lumotlar hamda ular bilan bog‘liq rivoyat va mahalliy aholi talqinidagi qiziqarli ma’lumotlarni yig‘ish hamda internet resurslarida chet tillarda ma’lumotlarni ko‘paytirish.
Mamlakatimiz hududidagi Naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila” xalqasi namoyondalari haqidagi ishonchli ma’lumotlarni tayyorlash hamda aholiga va xorijiy sayyohlarga etkazish uchun chop etish;
- Xorijiy mamlakatlarning (AQSh, Germaniya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy, Yaponiya va b.) turizm sohasidagi xususiy tashkilotlari, shu jumladan jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, rivojlantirish, shuningdek, sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha yirik tadbirlarni tashkil etish;
- Xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilgan holda sayyohlik mavsumi past bo‘lgan davrda “Open air” xalqaro festivali, “Silk Road Air” xalqaro musobaqasi va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini havo sharida namoyish etuvchi o‘zbek, rus va ingliz tillarida videoroliklar tayyorlash.
Turkiyaning Kappadokiya shahri tajribasini keng o‘rgangan holda O‘zbekistonda havo shari festivali markazini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Arizalarga quyidagi hujjatlarni ilova qilish zarur:
- Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;
- Oxirgi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNT Ustavi (Nizomi) nusxasi;
- Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
- Loyihani amalga oshirishda tashkilotning qo‘shgan moddiy hissasi to‘g‘risida ma’lumot.
Hujjatlar 2019-yil 10-iyulga qadar qabul qilinadi.
Hujjatlar “O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi” nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100066, Toshkent shahri, Olmazor ko‘chasi, 171-uy.
Ma’lumot uchun telefonlar: (71) 245-29-12, (95) 193 34 05.
Eslatma: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3514-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining 26-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi matbuot xizmati