
BMT butunjahon turistik tashkiloti (UNWTO) shtab-kvartirasida O’zbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi J.G’aniyyevning ushbu xalqaro tashkilotda mamlakatimizning doimiy vakili etib tayinlangani to’g’risidagi ishonch yorlig’ini Bosh kotib Z. Pololikashviliga topshirish marosimi bo’lib o’tdi.
J.G’aniyyev va Z.Pololikashvili O’zbekiston va UNWTO o’rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati hamda ularning rivojlanish istiqbollari bo’yicha fikr almashishdi. Bosh kotibga O’zbekiston rahbariyati tashabbusini qo’llab-quvvatlaganlik uchun minnatdorchilik bildirildi.
UNWTO bosh kotibi O’zbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish va uning mamlakat iqtisodiyotining amaliy jihoziga aylantirishga doir chora-tadbirlarning tizimli ravishda amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.
Z.Pololikashvilining fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda “Ipak yo’li” Xalqaro turizm universistetini ochishga doir tashabbusining shunday qisqa fursatlarda hayotga tatbiq etilishi hamda ko’plab mamlakatlar fuqarolari uchun viza rejimining soddalashtirilishi tahsinga sazovordir.
Shuningdek, bosh kotib UNWTO Yevropa Mintaqaviy komissiyasining navbatdagi yig’ilishini Samarqandda o’tkazishga doir qarori Tashkilotga a’zo mamlakatlarga O’zbekistonning turizm sohasidagi ulkan salohiyatini, uning “Ipak yo’li” loyihasidagi yetakchi rolini namoyon qilish hamda xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish imkonini berishini ta’kidladi. Pololikashvili O’zbekistonning Madriddagi elchixonasi tomonidan bildirilgan Samarqandda o’tadigan UNWTO Yevropa Mintaqaviy komissiyasi tadbiri doirasida turizm bo’yicha biznes-forum o’tkazishga oid taklifini qo’llab-quvvatladi.
Ma’lumot uchun: O’zbekiston UNWTO – Butunjahon turistik tashkilotiga 1993 yilda a’zo bo’lgan. Shu davrdan boshlab O’zbekiston yirik turistik forumlar o’tkaziluvchi mamlakatlardan biriga aylangan, jumladan, 1994 yilda - Samarqandda, 1999 yilda - Xivada va 2002 yilda Buxoroda sayyohlik forumlari o’tkazilgan. 1994 yilda UNWTO dunyodagi eng jozibali madaniy-tarixiy turistik yo’nalishlardan biri sifatida “Ipak yo’li” Dasturini yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur dastur UNWTO tomonidan YUNESKO, UNDP hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. “Ipak yo’li” dasturiga 34 davlat qamrab olingan.
Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi matbuot xizmati