
6-8-sentyabr kunlari Germaniyaning Braunshveyg shahrida oʻtkazilayotgan “Magnifest-2019” xalqaro festivalida Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib etildi. Targʻibot ishlari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan faol vatandoshlar hamkorligida tashkil etildi.
“Magnifest” xalqaro festivali deyarli bir asr davomida oʻtkazilib kelinayotgan, musiqiy va gastronomik namoyishlar bilan tanilgan yirik xalq sayllaridan biridir. Mazkur festivalga har yili Germaniya va qoʻshni Yevropa mamlakatlaridan 150 mingdan ziyod aholi tashrif buyuradi.
Joriy yilda oʻtkazilayotgan “Magnifest” xalqaro festivalida Oʻzbekiston ilk marotaba ishtirok etmoqda.
Festival 3 kun davom etib, unda O'zbekiston filarmoniyasi “Sugʻdiyona” milliy cholgʻular kamer orkestri ham qatnashmoqda. Taʼkidlash joizki, festival doirasida yurtdoshlarimiz tomonidan ijro etilayotgan milliy kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashib, katta qiziqish uygʻotmoqda. “Magnifest” festivali Oʻzbekistonni xorijda tanitish, jumladan mamlakat turizmini targʻib etishda muhim oʻrin tutadi.
“Oʻzbekiston ushbu festivalda birinchi marta ishtirok etayotgan boʻlishiga qaramay, ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizga, xususan milliy madaniyatimiz, sanʼatimiz va turizm salohiyatimizga katta qiziqish bildirilmoqda. Oʻzbekistonning gastronomik turizm, madaniyat va turizm salohiyati nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, “Magnifest” festivalida muntazam qatnashish, albatta, ijobiy natija beradi” – deydi ayni damda Germaniyada taʼlim olayotgan vatandoshimiz, Gumboldt universiteti talabasi Asliddin Bobocholov.