
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Fransiyaga tashrifi doirasida “Bo Travel” kinokompaniyasining tijoriy aloqalar boʻyicha direktori Deniyel Benshimol bilan uchrashdi. Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan uchrashuv davomida D.Benshimol Oʻzbekiston haqida maxsus telekoʻrsatuv tayyorlash tashabbusini bildirdi.
2005-yilda Fransiyada asos solingan “Bo Travel” prodyuserlik kompaniyasi televizion reportajlar va hujjatli filmlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Shu bilan birga, kompaniya tarixiy, ilmiy, ijtimoiy va turistik teleloyihalarni yaratishda ham ishtirok etadi. Fransiyada mashhur boʻlgan “Ajoyib sayr” (“Echappees Belles”) koʻrsatuvi ham “Bo Travel” mahsuloti hisoblanadi.
Deniyel Benshimolning Abdulaziz Aqqulovga maʼlum qilishicha, ayni damda kompaniya Fransiyaning yetakchi “France 5” telekanalining shanba kuni efirga uzatiluvchi “Ajoyib sayr” telekoʻrsatuvining navbatdagi mavsumiga tayyorgarlik koʻrish ustida ishlamoqda.
Benshimol yurtimizning fransiyalik sayyohlar orasida tobora ommalashib borayotgan yoʻnalishga aylanayotganini inobatga olgan holda, telekoʻrsatuvning navbatdagi mavsumini Oʻzbekistonda tasvirga olish ayni muddao boʻlishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, teleloyihaning maqsadli dasturi Fransiya va umuman Yevropa jamiyatini Oʻzbekistonning boy madaniyati, tarixiy shaharlari va mashhur obidalari haqida xabardor qilish imkonini beradi.
Taʼkidlash joizki, “Ajoyib sayr”ning Fransiyadagi teleauditoriyasi har bir epizodda 2 million nafarni tashkil qiladi. Koʻrsatuv tomoshabinlar tomonidan eng koʻp koʻriladigan vaqtda efirga uzatilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, kompaniya oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ham Oʻzbekiston haqidagi film targʻibotini yoʻlga qoʻyadi. “Echappees Belles” teledasturi Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube kanali orqali 32,4 million marta tomosha qilingan.
Tomonlar kelishuviga koʻra, Oʻzbekiston haqidagi film efirga uzatilishidan bir hafta ilgari Parijning yirik kinoteatrlaridan birida mahalliy turkompaniyalar va OAV vakillarini jalb qilgan holda, film qahramonlari ishtirokida premyera tashkil etiladi.