
Oʻzbekistonning turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari Turkiya madaniyat va turizm vazirligi hamda Konya va Selchuk shaharlari hokimliklariga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif Turk dunyosi Mahalliy hokimiyatlar birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
Turkiya madaniyat va turizm vazirligida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari vazir oʻrinbosari Nodir Alpaslan bilan uchrashishdi. Unda Oʻzbekistonda turizm sohasiga davlat darajasida, milliy iqtisodiyotning strategik tarmogʻi sifatida eʼtibor qaratilayotgani, mamlakatda “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingani, turizmning yangi turlari joriy etilayotgani va biznes vakillariga qator imtiyozlar berilayotganligi alohida eʼtirof etildi.
Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Nodir Alpaslan Turkiyaning turizm sohasida bugungi kungacha bosib oʻtgan yoʻli haqida soʻzlab, ayni kunda bu boʻyicha yangi strategiya ishlab chiqilayotganligini taʼkidladi. Vazirlik har yili oʻrtacha 150 dan ortiq turizm yarmarkasida ishtirok etgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkich 15 tani tashkil etgan. Nodir Alpaslan bu jiddiy burilish ekanini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, endilikda Turkiyaning turizm salohiyatini elektron (internet, ijtimoiy tarmoqlar, sayt, dasturlar, televideniye va b.), kino, taniqli insonlar va boshqa usullar orqali targʻib qilishga katta ahamiyat beriladi.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari Turkiyada turizmni rivojlantirishda jamoat tashkilotlarining roli muhim ekaniga eʼtibor qaratdi hamda vazirlikda turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari bilan ishlash bosh boshqarmasi mavjudligini maʼlum qildi.
Shunisi diqqatga sazovorki, joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida ham shunday mexanizmning tashkil etilganligi muhim qadamlardan biri sifatida eʼtirof etildi.
Uchrashuv yakunida Nodir Alpaslan Oʻzbekistonning ziyorat turizm salohiyatini yuqori baholab, bu yoʻnalishda ikki tomonlama hamkorlik qilishni taklif etdi.
Joriy yilning 11-sentyabr kuni Konya va Selchuk shaharlari hokimliklarida “Turizm faoliyatida hokimiyat tomonidan olib borilayotgan ishlar ” mavzusida seminarlar tashkil etildi.
Konya shahar hokimining turizm masalalari boʻyicha oʻrinbosari Choshkun Bilgi Konyaning turizm salohiyati haqida maʼlumot berib, xorijiy turistlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. Xususan, Konyada 32 tuman mavjud boʻlib, ularda ziyorat, madaniy, tibbiy, eko, MICE va gastronomik turizm yaxshi rivojlangan.
Maʼlumot uchun: Konya har yili 3,5 millionga yaqin xorijiy turistni qabul qiladi. Buning uchun hokimiyat tomonidan transport va yoʻl infratuzilmasini takomillashtirishga alohida etibor qaratilgan. Ayni kunda Istanbul-Konya-Istanbul avia (har kuni 2 ta reys), Istanbul-Ankra-Konya-Eskishahar-Istanbul tezyurar poyezd (kuniga 10 reys) qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan, 100 ga yaqin 7/24 soat xizmat koʻrsatuvchi avtobus va ularda viza kartalari orqali chipta xarid qilish tizimi mavjud.
38 ta mehmonxona qurilgan boʻlib, oʻrinlar soni 6,5 mingtani tashkil etadi.
Tashrif davomida Selchuk shahar hokimi Ahmet Pekyatirmasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda shahar hokimi turizmning yangi turlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi. Xususan, oilaviy sayyohlarni jalb qilish maqsadida “Tropik kapalaklar bogʻi” tashkil qilingan. Bogʻda 98 turga oid 20 mingta tropik va 15 turdagi 6 mingga yaqin kamalaklar mavjud. Har yili “TripAdvisor” sayti orqali 400 mingta xorijiy sayyoh shu bogʻga tashrif buyuradi.
Shuningdek, Selchuk shahrida MICE turizmini rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, 2017-yilda “Selchuk kongress markazi” barpo etilgan boʻlib, u xalqaro anjumanlar, yarmarka, konferensiya va seminarlar, taqdimot va premyeralar oʻtkazish uchun moʻljallangan. Umumiy hajmi 3,5 gektarni tashkil etadi. Kongress markazida oʻtgan yili jami 350 tadbir oʻtkazilgan.