
Oʻzbekistonning turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari Turkiya Gastronomik turizm uyushmasi (GTD)ga tashrif buyurdi. Tashrif Turk dunyosi Mahalliy hokimiyatlar birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
13-sentyabr Oʻzbekiston va Turkiya Gastrokomik turizmi uyushmalari uchun muhim sana boʻldi. Turkiya Gastronomik turizmi uyushmasi raisi Gurkan Boʻztepe bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv yakuniga koʻra, gastronomik turizmni rivojlantirishga doir ikki tomonlamali hamkorlik bitimi imzolandi. Hujjat Turkiyada har yili oʻzbek oshxonasi haftaligini oʻtkazish va Turkiya mehmonxonalarida oʻzbek nonushtasini joriy qilishni koʻzda tutadi.
Shuningdek, Turkiyaning 5 yulduzli mehmonxonalari bosh oshpazlari uchun Oʻzbekiston oshpazlari tomonidan “Oʻzbek nonushtasi” boʻyicha maxsus treninglar tashkil etiladi. Mehmonxona restoranida haftaning bir kuni “Uzbek cuisine day” deb eʼlon qilinishi va bu kunda restoran menyusidan faqat oʻzbek milliy taomlari joy egallashi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Fotih tumani hokimligida “Fotihda turizm sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish” taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda turizm sohasida erishilgan yutuqlar bilan birga yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar haqida ham maʼlumot berildi. Xususan, turistlar tomonidan mehmonxona va restoranlar boʻyicha jiddiy eʼtiroz va salbiy fikrlar internet saytlar orqali tizimli tahlil etilib, joylarga chiqqan holda oʻrganilayotgani taʼkidlandi.
Qayd etish joizki, har yili yoz mavsumida 500 nafar koʻngilli yoshlardan iborat “Turizm elchilari” loyihasiga start beriladi. Turk va boshqa tillarni bilgan yoshlar maxsus suhbat asosida tanlab olinadi va ular uchun maxsus oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi hamda velosiped bilan birga kerakli materiallar taqdim etiladi. Koʻngilli yoshlardan iborat “Turizm elchilari”ga kunlik yegulik va yoʻlkira puli oʻrtacha 5 AQSH dollari miqdorida ajratiladi. Shuningdek, “Ask me” (“Mendan soʻra”) yozuvi tushirilgan futbolka va kepkalar tarqatiladi.