
14 – 16-sentyabr kunlari Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Raqs sehri” xalqaro festivali boʻlib oʻtmoqda. Tadbirda yurtimizning turli hududlari va qator xorijiy davlatlardan Xiva shahriga tashrif buyurgan sanʼatkorlar badiiy chiqishlari bilan ishtirok etishadi.
Milliy raqs sanʼatimizni dunyoga targʻib qilish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan festivalga joriy yil har safargidan-da puxta tayyorgarlik koʻrildi.
Joriy yilda “Raqs sehri” festivalida Angliya, Italiya, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Kuvayt, Malayziya, Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Polsha, Gruziya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi 20 ga yaqin xorijiy davlatdan 100 ga yaqin raqs guruhlari qatnashadi.
Ushbu xalqaro festivalda shuningdek Gruziya davlat akademik xalq ashula va raqs ansamblining “Rustavi” raqs guruhi ham ishtirok etishi kutilmoqda. “Rustavi” raqs jamoasi dunyoning 80 dan ortiq mamlakatiga tashrif buyurgan (baʼzi mamlakatlarda bir necha marta), 5000 dan ortiq konsertda ishtirok etgan va tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlgan. Ansambl repertuarida koʻplab anʼanaviy gruzin raqslari mavjud.
Bundan tashqari ishtirokchilar orasida ozarbayjonlik taniqli raqqosa, xoreograf va aktrisa Oksana Rasulova ham bor. Ozarbayjonning Shabran shahrida tugʻilgan Oksana hind mumtoz raqslarini ijro qiladi. Asosan “Bharatanatyam” raqs uslubini sevib ijro etadi. 1999-2005-yillar davomida turli raqs tanlovlarining gʻolibi boʻlgan. Oksana Rasulova oʻzining qiziqarli raqs dasturlari bilan koʻplab mamlakatlarni aylanib chiqqan. Oksananing raqslari Youtube kanali orqali millionlab folloverlar tomonidan tomosha qilingan.
Bugun, 14-sentyabr kuni Xiva temir yoʻl vokzalida festival ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Mehmonlar orasida Polsha, Gruziya, Hindiston, Ozarboyjon, Tojikiston, Qozogʻiston kabi mamlakatlardan 30 dan ziyod raqqos va raqqosalar, raqs dastalari tashrif buyurdi. Shu bilan birga, respublikamizning turli hududlaridan 50 ga yaqin raqs jamoalari kutib olindi.
“Raqs sehri” festivalining rasmiy ochilish marosimi 15-sentyabr kuni Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi hududida boʻlib oʻtadi.
Festival 20 ga yaqin xorijiy hamda mahalliy OAV vakillari tomonidan yoritib boriladi.