
Xalqimizda bayramlar, toʻy-tomoshalar oldidan koʻpkari musobaqalarini uyushtirish odat tusiga kirgan. Koʻpkari (uloq) – Oʻrta Osiyo xalqlarining qadimiy milliy, ommaviy, oʻyinlaridan biri. Ushbu musobaqa asosan gʻalaba va hosil bayramlari, toʻy va sayllar munosabati bilan oʻtkazilgan. U koʻproq xatna (chipron) toʻylarida rasm boʻlgan. Uloq turkiy xalqlar, ayniqsa, uning qoʻngʻirot, qurama, ming, mangʻit, oyrat, yoyilma, kenegas, qipchoq, barlos kabi urugʻlari orasida ommalashgan.
Uloq tomoshalari oldidan maxsus jarchilar qishloq, ovullarga yuborilib, odamlar gavjum joylarda, bozorlarda Uloq kim tomonidan, qayerda va nima maqsadda oʻtkazilayotgani hamda qoʻyiladigan sovrinlarni eʼlon qilgan.
Koʻpkari turli joylarda har xil qoida boʻyicha (chortoq, sudratma, marra, poyga, pakka, minbar va boshqa nomlar bilan atalgan) uyushtirilgan. Uloq koʻngilochar tomosha yoki shunchaki oʻyin boʻlmasdan, oʻgʻil bolalar, yigitlarni mard, jasur, epchil, dovyurak qilib tarbiyalash usullaridan biri hisoblangan. Uloq oʻyinlari ot naslini yaxshilashga, uning chidamli, tez harakat qiladigan zotlarini koʻpaytirishga yordam bergagn. Qorabayir, arabi, axaltekin, qurama, laqay, kustanay, qorabogʻ va Orlov ot zotlari uloqchi otlar hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, koʻpkari kabi milliy oʻyinlarimiz bugunga qadar koʻplab xorijiy sayyohlar eʼtiborini tortib kelmoqda. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi “Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 198-son qarorida bahor va kuz oylarida “Koʻpkari” milliy oʻyinlarini tashkil etish va ularga xorijiy va mahalliy turistlarning tashrifini tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida kuz mavsumida Qashqadaryo viloyatida boʻlib oʻtadigan “Koʻpkari” musobaqalari toʻgʻrisida maʼlumotlarni tarqatish maqsadida telegram tarmogʻida @Kupkariuz kanali joriy etildi.
Qashqadaryo viloyatida 2019-yil kuz mavsumida boʻlib oʻtadigan musobaqalar jadvali quyidagicha:
• 22-sentyabr – Yakkabogʻ tumani Tatar qishlogʻida katta koʻpkari;
• 28-sentyabr – Yakkabogʻ tumani Suvli soy qishlogʻi;
• 6-oktyabr - Yakkabogʻ tumani Haydarbuloq qishlogʻi;
• 12-oktyabr - Yakkabogʻ tumani Xayrsoldi qishlogʻi;
• 13-oktyabr - Yakkabogʻ tumani Chakar qishlogʻi;
• 26-oktyabr - Yakkabogʻ tumani Tatar qishlogʻi;
• 3-noyabr - Yakkabogʻ tumani Tatar qishlogʻi.