
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda 2020-yilgi Olimpiya oʻyinlari doirasida Tokio shahri (Yaponiya)ga turlarni tashkil qilishga doir tanlov eʼlon qiladi.
Tanlovda Yaponiyaga chiqish turizmi bilan shugʻullanuvchi turistik faoliyat subyektlari (turoperatorlar) ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun asosiy talablar quyidagilardan iborat:
• chiqish turizmi boʻyicha 3 yildan kam boʻlmagan tajriba boʻlishi;
• Yaponiyaga tur tashkil qilish boʻyicha hamkorning mavjudligi;
• 2020-yilgi Olimpiya oʻyinlari doirasida sayyohlarni Tokioga yoʻllash uchun shakllangan turistik mahsulotning mavjudligi;
• sport turizmi yoʻnalishiga doir tajribaning boʻlishi.
Tanlovda qatnashish uchun arizalar 2019-yilning 17-oktyabriga qadar qabul qilinadi.
Aloqaga chiqish uchun tegishli kontaktlar koʻrsatilmagan, chala toʻldirilgan anketalar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Tanlovda ishtirok etish uchun shakllangan turmahsulot haqidagi maʼlumot va arizalarni tanlovning rasmiy elektron pochtasi – license@uzbektourism.uz ʻga yoʻllash lozim.
Saralovdan oʻtgan turoperatorlarga 2020-yilgi Olimpiya oʻyinlari doirasida Tokioga turlarni ishlab chiqish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi binosidan joy ajratiladi.