
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari va Germaniyaning “Mas contour” tashkiloti ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm imkoniyatlaridan kelib chiqib, hududda turizm sohasida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “GIZ” Qoraqalpog‘iston turizmini rivojlantirishga 477 ming yevro miqdorida mablag‘ ajratdi.
Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirzieyovning 2019 yil 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash va mazkur hududning turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida Qo‘mita va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Ushbu loyiha doirasida mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, ularni eksportbop mahsulotga aytantirish, infratuzilmani yaxshilash, yangi turizm marshrutlarini ochish, xizmatlar sifatini oshirish va Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm salohiyatini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilish ishlari amalga oshiriladi.
Loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - O‘zbekiston, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, turizm sohasidagi xizmatlar, mahsulotlar eksportini oshirish hamda mahalliy aholi daromadini ko‘paytirishdan iborat.